Xitoyda 18-qavatdan sakragan qiz tirik qoldi

Olam

image

Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida 20 yoshli qiz sevgilisi bilan janjallashgandan so‘ng 18-qavatdagi xonadon balkonidan sakrab, omon qoldi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 12 iyul kuni Szyasin shahrida sodir bo‘lgan. Syaoyi (ismi o‘zgartirilgan) ismli qiz sevgilisi bilan bir necha soat davom etgan tortishuvdan keyin balkon orqali pastga sakragan.

Ayol daraxtlar va butalar ustiga tushgani sababli tirik qolgan. Uni sevgilisi zudlik bilan shifoxonaga olib borgan va davolanish xarajatlari uchun dastlab 20 ming yuan (taxminan 3 ming dollar) to‘lagan

Shifokorlar Syaoyi bosh, o‘pka, jigar va taloq jarohatlari olgani, shuningdek, tos suyagi, qov suyagi hamda ikki oyog‘ida sinishlar borligini aniqlagan. U ikki marta jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan.

Qiz o‘ziga kelganidan so‘ng voqea tafsilotlarini aytib bergan. U sevgilisi bilan avval ham bir necha bor janjallashganini ma’lum qilgan. 10 iyul kuni u munosabatlarni tugatmoqchi ekanini aytib, Yunnanga qaytish uchun chipta sotib olgan.

Biroq keyingi janjaldan so‘ng sevgilisi uning ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hujjatlari va telefonini yashirgani, hatto eshikni qulflab qo‘ygani aytilmoqda. Shundan so‘ng Syaoyi xonadondan chiqib ketish uchun balkon orqali tushishga uringan.

Hozirda qizning davolanish xarajatlari 100 ming yuandan oshgan. Oilasi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani sababli ommaviy axborot vositalari orqali yordam so‘ragan. Ular onlayn xayriya platformasi orqali 90 ming yuan mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Shuningdek, Syaoyi oilasi sevgilisi uning holidan xabar olish uchun kelganiga qaramay, shifoxonadagi palataga kirishiga ruxsat bermagan. Ular bu holat qizga ruhiy ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan. Vaziyatga politsiya aralashib, erkakni palatani tark etishga ko‘ndirgan.

Huquq-tartibot idoralari ayolning yiqilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Vladivostok shahrida homilador ayol ko‘p qavatli uyning yettinchi qavatidan yiqilib tushganiga qaramay, og‘ir jarohatlarsiz omon qolgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing