Yettinchi qavatdan yiqilgan homilador ayol tirik qoldi (video)

Olam

image

Rossiyaning Vladivostok shahrida homilador ayol ko‘p qavatli uyning yettinchi qavatidan yiqilib tushganiga qaramay, og‘ir jarohatlarsiz omon qoldi. Shifokorlar ayolning homilasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda “Perviy kanal” xabar berdi.

Voqea kecha, 10 iyul kuni sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol o‘sha kuni kechasi uxlay olmay, derazalarni tozalashga qaror qilgan. U derazaning tashqi qismini artayotgan paytda muvozanatini yo‘qotib, pastga yiqilib tushgan. Ayolning aytishicha, u derazaning ochilmaydigan tashqi qismini tozalashga uringan. Shu paytda deraza tokchasiga tiz cho‘kib, uzoqroq joyga qo‘l uzatgan va yiqilib ketgan.

“Men derazani tashqi tomondan yuvayotgan edim. Deraza tokchasiga tizzam bilan chiqdim va uzoq burchagini artish uchun qo‘limni uzatdim. Shunda pastga yiqilib tushdim. Menda birorta ham suyak sinishi aniqlanmadi, faqat yengil ko‘karishlar bo‘ldi. Meni to‘liq tekshirishdi, ultratovush tekshiruvi qilishdi, hatto bolaning jinsini ham aytishdi. Chaqalog‘im zarar ko‘rmadi”, deya voqeani so‘zlab bergan Yekaterina.

Shifokorlar ayolni zudlik bilan shifoxonaga olib borib, barcha zarur tekshiruvlardan o‘tkazgan. Natijada jiddiy jarohatlar yoki sinishlar aniqlanmagan. Homiladorlik ham xavfsiz davom etayotgani ma’lum qilingan.

Mahalliy OAVlarning ma’lumotlariga ko‘ra, ayol 28 yoshda bo‘lib, homiladorligining 30 haftasida bo‘lgan. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Mutaxassislar bunday balandlikdan yiqilishdan keyin bunday ijobiy holat bo‘lishi juda kam uchrashini ta’kidlamoqda. Moskva shahridagi Sklifosovskiy nomidagi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-tadqiqot instituti shifokorlari esa bunday holatlarda tashqi jarohatlar bo‘lmasa ham, ichki shikastlanish xavfi mavjudligini eslatgan.

Institutning reanimatsiya bo‘limi rahbari Aleksandr Shakotko balandlikdan yiqilgan barcha bemorlar albatta chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tishi kerakligini aytgan.

“Ba’zan bemorlar juda katta balandlikdan yiqilib, faqat tirnalishlar bilan qolgan holatlar ham uchraydi. Ammo eng katta xavf ichki qon ketish hisoblanadi. U sekin rivojlanishi mumkin, shuning uchun bunday bemorlarni ixtisoslashgan shifoxonalarda kuzatish zarur”, deydi mutaxassis.

Vladivostokdagi ushbu voqea ona va bolaning sog‘-salomat qolishi bilan yakunlangan noyob holatlardan biri sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 yanvar kuni Tojikistonda Konstitutsiyaviy sud sudyasi Jamshid Jamshidzoda to‘qqizinchi qavatdan yiqilishi oqibatida halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing