Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlar yomonligicha qolmoqda

Olam

image

Joriy yilning avgust oyida Xitoyda Tayvan fuqarosi xavfsizlik qonunlarini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Tayvan rasmiylari ushbu ish yuzasidan Pekinga tashvishli xabarlar yuborgan. Ammo Xitoy tomonidan hech qanday javob kelmagan. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.

Xitoy siyosati bilan tanish bo‘lgan taybeylik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi olti yil ichida Pekin Tayvanning ko‘plab fakslarni javobsiz qoldirgan. Shu jumladan avgustda qamoqqa olingan taybeylik haqidagi so‘rovlarga ham javob bo‘lmagan. Tayvan rasmiysi “ular bizni mensimadi”, degan.

Xitoy Tayvan bilan rasmiy aloqalarni orollik saylovchilar 2016 yilda Say Invenni Prezident etib saylaganidan keyin tugatgan. Xitoy Tayvanni ayirmachi hudud deb hisoblaydi. 

Avgust oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressining Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi orolga keldi. Bu Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirdi. Pekin o‘zining yeri deb hisoblaydigan hududga Amerikaning yuqori darajali mansabdori kelganidan g‘azablandi. Shundan so‘ng, deyarli har kuni Xitoyning qiruvchi samolyotlari orol hududi yaqinida paydo bo‘lmoqda. Bunga javoban Tayvan ham samolyotlarini jangovar shay holatga keltirmoqda. Ammo bu vaziyat yuzasidan ikki tomonning ham rasmiylari sukut saqlamoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday jimlik xavf tug‘dirishi mumkin.

“Munosabatlarni boshqarishga qaratilgan aloqalarning yo‘qligi xavotir uyg‘otadi. Bir-birlarining niyatlarini tushunmaslik va hisob-kitoblarni noto‘g‘ri qilish xavfi bor”, degan AQSHning “German Marshall” jamg‘armasining Vashingtondagi xavfsizlik bo‘yicha tahlilchisi Bonni Gleyzer.

2015 yilda Si Szinpin Tayvanning o‘sha vaqtdagi rahbari Ma Inszyu bilan uchrashgan. Ular o‘zaro iqtisodiy va savdo bitimlarni imzolagan edi. Bu Pekin va Taybey o‘rtasidagi samimiy munosabatlarning oxirgi qoldig‘i edi. Shundan so‘ng, tomonlar o‘rtasidagi yuqori darajadagi muloqot kanallari yopildi.

Tayvanning asosiy muxolifat partiyasi bo‘lgan Gomindan partiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlardagi eng yuqori vakili Xuan Xitoy bilan aloqa liniyasi muhimligini aytadi.

 “Muloqotga ehtiyoj kuchayib borayotgan paytda aloqa liniyasi juda muhim", degan u.

Tayvan Prezidenti Say Pekinga o‘zaro hurmat asosida teng huquqli muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan. Biroq, Xitoy buni rad etdi. Pekin Tayvanni Xitoyning bir bo‘lagi deb hisoblaydi. Shu sababli ular Tayvan bilan o‘zaro teng huquqli muhokamalar o‘tkazishni istamaydi. Taybey rasmiylari esa muzokara o‘tkazish uchun ochiqligini bildirishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Si Tszin'pin Tayvan' Tsay Inven

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing