Xitoy O‘zbekistonni Tayvan masalasida ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonga tashrifi chog‘ida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I uch mamlakatdagi mavqedoshlarini Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaitining Tayvan haqidagi so‘zlariga javoban “qat’iy zarba” berish zarurligi haqida xabardor qildi. Xitoylik diplomat bu haqda Markaziy Osiyoga tashrifidan so‘ng ma’lum qilgan.  

“Men uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlarini Xitoyning Tayvan masalasidagi prinsipial pozitsiyasi bilan tanishtirdim va Yaponiyaning hozirgi rahbariyatining mamlakatimiz asosiy manfaatlariga ochiqchasiga tajovuz qilayotgan va Ikkinchi Jahon urushidan keyin o‘rnatilgan xalqaro tartibni shubha ostiga qo‘yayotgan xato so‘zlari hamda harakatlarini fosh qildim”, deb yozdi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi veb-sayti Van Ining so‘zlaridan iqtibos keltirib.

U Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston “yagona Xitoy” tamoyilini va Pekinning oxir-oqibat Xitoyning materik qismini Tayvan bilan birlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Van I uch mamlakat tashqi ishlar vazirlarining bunday ochiq qo‘llab-quvvatlashi “o‘z vaqtida” ekanligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari ham bu mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishga qarshi va hech qanday shaxslar yoki kuchlarning u yerda nizo va beqarorlik keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

“Biroq hozirgi Yaponiya rahbariyati Tayvan masalasiga harbiy aralashuv niyati haqida noto‘g‘ri signal yuborgani, aytilmasligi kerak bo‘lgan so‘zlarni aytib, kesib o‘tilishi kerak bo‘lmagan chegarani kesib o‘tgani hayratlanarli. Xitoy qat’iy javob zarbasini berishi kerak: bu nafaqat XXR suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlash, balki qon va hayot evaziga qo‘lga kiritilgan Ikkinchi Jahon urushining yutuqlarini saqlab qolish, xalqaro adolatni himoya qilish va inson vijdonini himoya qilish uchun ham zarur”, deb yozgan Van I.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik Sanae Takaiti joriy yilning 7 noyabr kuni parlament muhokamasi paytida Tayvan yaqinidagi mumkin bo‘lgan harbiy inqiroz “mavjudlik tahdidi”ni keltirib chiqarishi va Yaponiyani “kollektiv o‘zini himoya qilish huquqidan” foydalanishga majbur qilishi mumkinligini aytganidan keyin kuchaydi. Bu Pekinda kuchli norozilikni keltirib chiqardi va Tokioga jiddiy ogohlantirish berdi. Osakadagi Xitoy bosh konsuli Syue Szyan o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi X (sobiq Twitter) akkauntida Yaponiya Bosh vazirining “boshini kesib tashlash” bilan tahdid qildi, ammo keyinchalik post o‘chirildi. Birozdan keyin Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarini Yaponiyaga sayohat qilishdan ogohlantirdi. 

Tayvan 1949 yildan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi, o‘shanda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan partiyasining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin orolga qochib ketishgan. O‘shandan beri Taybey kommunistlar hokimiyat tepasiga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasining bayrog‘i va boshqa ba’zi atributlarini saqlab qoldi. Pekinning rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, u Xitoyning hududi va ko‘plab mamlakatlar buni tan oladi. 

Ma’lumot uchun, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I joriy yilning 19-22 noyabr kunlari Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga tashrif buyurib, ushbu uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan strategik muloqot o‘tkazdi. Qolaversa, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Prezidentlari Sadir Japarov, Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi


Maqola muallifi

Teglar

Tayvan' Van I

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing