Xitoy-o‘zbek vaksinasi xavflimi? Xorazmdagi holat bo‘yicha munosabat bildirildi
Jamiyat
−
29 avgust 2021
28123Kecha, 28 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida xitoy-o‘zbek vaksinasi olgandan keyin ahvoli og‘irlashgan fuqaro haqida video lavha tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Sog‘liqni saqlash vazirligi zudlik bilan ushbu vaziyat nazoratga olingani, bemorning ahvolini o‘rganish va bu holat nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritish maqsadida tajribali infetsionist, reanematolog, oftalmolog, virusolog, immunolog, nevropatolog, psixolog kabi mutaxassislaridan iborat tezkor guruh tuzilganligi haqida xabar berdi.
Xo‘sh, xitoy-o‘zbek vaksinasi atrofidagi shov-shuvlar va bu vaksinaga ishonchsiz qarayotgan ayrim fuqarolarning fikrlari qay darajada asosli? Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mazkur mavzu yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning 19 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markaziga xitoy-o‘zbek vaksinasining sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun vaksina, platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar taqdim qilgan.
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK tomonidan belgilangan tartibda mazkur vaksinaning barcha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovdan o‘tkazilgan va uning ijobiy natijalari shuningdek, Etika qo‘mitasining vaksinani klinik tadqiqotlari o‘tkazishning etika jihatidan asoslanganligi to‘g‘risidagi xulosalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga yo‘naltirilgan.
Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va ca’y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgilagan.
Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgani bildirilgan.
Joriy yilning 1 mart sanasida ZF-UZ-VAC 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markazig tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgaan. (Ro‘yxat raqami - DV/X 08646/03/21)
Joriy yilning 27 avgust, Xitoylik hamkorlar tomonidan koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari vaksina barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz samaradorlikni ko‘rsatgani e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93 foizni tashkil etdi. O‘lim va og‘ir xolatlarga qarshi 100 foiz samaradorligini ko‘rsatdi. JSST talablariga ko‘ra vaksina kamida 50 foizdan yuqori samara berishi lozim.
Qayd etilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti protokoliga ko‘ra 3-faza sinovlarini ochiqlash hamda statistik tahlillar o‘tkazish uchun to‘liq vaksinadan so‘ng kamida 156 holda kasallik aniqlanishi kerak. ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 faza klinik sinovlari natijasi 221 nafar kasallik aniqlangan ishtirokchilardagi tahlilga ko‘ra aniqlandi va bu sinov natijasini yanada aniqroq bo‘lishini ta’minlaydi.
Agentlikning bildirishicha, ushbu xalqaro miqyosdagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III faza ko‘pmarkazli klinik tadqiqotlari 2020 yilning 10 dekabridan boshlangan bo‘lib, sinovlarda 18 yoshdan katta bo‘lgan jami 29 000 nafar kishi qamrab olingan. Mazkur tadqiqotlar Xitoyning Xunan viloyatida, shuningdek O‘zbekiston, Indoneziya, Pokiston va Ekvador davlatlarida o‘tkazilgan. O‘zbekistonda klinik tadqiqotlar Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining 30 nafar olimlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tibbiyot muassasalarining 112 nafar tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda. Call-markazda 32 nafar xodim faoliyat yuritib, klinik sinovlarida ishtirok etgan ko‘ngillilardan har kuni telefon orqali xabar olib turilgan.
Klinik tadqiqotlarda O‘zbekistondan jami 6966 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi, ulardan 214 nafari 60 yoshdan katta kishilar bo‘lgan. Tadqiqotlar davomida har bir ko‘ngilli ishtirokchi 28 kun oralig‘i bilan 3 ta dozada “vaksina/platsebo” sxemasida emlangan. Ulardan 13 kishida o‘rta darajadagi nojo‘ya ta’sir aniqlangan bo‘lib, 0,002 foizdan kam ko‘rsatkichdir. Alohida ajratilgan guruhlarda 95 foiz holatlarda yetarli darajada antitanalar ishlab chiqarilgani aniqlangan.
“Xulosa o‘rnida barcha yurtdoshlarimizdan Xorazmda yuz bergan holat bo‘yicha vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan turli o‘rinsiz, asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rardik!” deyiladi agentlik xabarida.
LiveBarchasi