Xitoy Trampga qarshi YeI bilan birlashmoqchi

Olam

image

Xitoy Yevropa Ittifoqiga ko‘p qutbli dunyoda muhim siyosiy va iqtisodiy kuch sifatida qaraydi va mamlakatlar orasida hamkorlikka umid qiladi. Bu haqda bugun, 11 aprel kuni Xitoy Raisi Si Szinpin Pekinda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Xitoy va YeI o‘zlarining xalqaro majburiyatlarini bajarishi, iqtisodiy globallashuv tendensiyasini birgalikda himoya qilishi va xalqaro savdo muhitini himoya qilishi kerak”, degan Xitoy yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Xitoy Tramp ma’muriyatining tariflariga qarshi birgalikda harakat qilishi kerak.

“Bir tomonlama qo‘rqitishga nafaqat o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, balki xalqaro adolat va xolislikni, shuningdek, xalqaro qoidalar va tartibni himoya qilish uchun birgalikda qarshi turish kerak”, deya bildirgan Si Szinpin.

Shuningdek, u Xitoy Yevropa Ittifoqining birligi, rivojlanishi va o‘sishini ochiq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

“Pekin har ikki tomon va xalqaro hamjamiyatga katta foyda keltirish uchun Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga tayyor”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Szinpinning fikricha, bu uzoq muddatli istiqbolda har ikki tomonning manfaatlariga, ayniqsa, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish masalalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda Xitoyning Yevropa Ittifoqi bilan savdo aylanmasi 785,82 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 3,7 foizga o‘sib, 688,28 milliard dollarga yetgan. Bu Xitoyning AQSH bilan tovar aylanmasidan oshib ketganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida Donald Tramp Xitoy importiga boj to‘lovlarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi, chunki “Xitoy noqonuniy narkotik inqirozini yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmadi”. O‘tgan hafta oxirida Tramp 180 dan ortiq mamlakat va hududlarga, jumladan, Xitoyga yangi import tariflarini e’lon qildi. 

Pekin Amerika tovarlariga ham xuddi shunday bojlar joriy etishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Tramp 7 aprel kuni, agar Pekin javob choralarini bekor qilmasa, Xitoyga 9 apreldan boshlab qo‘shimcha 50% import bojlari joriy etilishini aytdi. Ammo shundan so‘ng, AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 104 foizlik import boji joriy etishga qaror qildi. Xitoy ham jim turgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bilan savdo mojarosida Xitoy hukumati Amerika importiga ilgari kiritilgan 34 foizlik bojlardan tashqari, 50 foizlik yangi javob tariflarini e’lon qildi va umumiy miqdorni 84 foizga yetkazdi. Qasdma-qasdiga qilgani kabi AQSH ham Xitoyga nisbatan boj stavkasini dastlab 125, keyin 145 foizgacha ko‘tardi. Xitoy esa AQSH mahsulotlariga boj stavkalarini 84 foizdan 125 foizgacha oshirdi.

Qolaversa, Tramp ma’muriyati bilan savdo mojarosi chog‘ida Yevropa Ittifoqi davlatlari Amerika importiga birinchi javob bojlari to‘g‘risida kelishib olgandi va birinchi javob bojlari 15 apreldan kuchga kirishi kutilayotgani xabar qilingandi. Keyinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 90 kun davomida savdo bo‘yicha hamkorlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlarni joriy etishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi. Trampning ushbu chorasidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi ham AQSHga nisbatan kiritilgan qarshi choralarni 90 kunga kechiktirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Xitoy Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing