AQSH bilan savdo kelishuvi bo‘yicha to‘p Xitoy maydonida – Oq uy
Olam
−
16 aprel 3583 2 daqiqa
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Prezident Donald Tramp Xitoy bilan bojxona va savdo kelishuviga ochiq ekanini aytdi. Bu haqda u kecha, 15 aprel kuni Oq uydagi matbuot uchun brifingda so‘z ochdi.
“To‘p hozir Xitoy maydonida. Xitoy biz bilan kelishib olishi kerak, biz ular bilan kelishib olishimiz shart emas”, degan Livitt.
Oq uy voizi Xitoyning kattaligidan tashqari boshqa mamlakatlardan farqi yo‘qligini ta’kidlagan.
“Xitoy bizda bor narsani xohlaydi – amerikalik iste’molchi; boshqacha aytganda, ular bizning pulimizni xohlashadi. Prezident Tramp Xitoy bilan kelishuvga ochiqligini aytdi, ammo Xitoy AQSH bilan kelishuvga erishishi kerak”, dedi u.
Oq uy matbuot kotibi AQSHga qarshi javob choralarini ko‘rmagan ko‘plab davlatlar bilan bojxona va savdo kelishuvlari bo‘yicha muzokaralar davom etayotganiga ishora qilib, AQSH yaqin orada ba’zi davlatlar bilan tarif kelishuvlarini e’lon qilishini qo‘shimcha qilgan.
Ba’zi avtoulov qismlari eksportida mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlari haqidagi xabarlar haqida so‘ralganda, Livitt Trampning ushbu tarif bo‘yicha muzokaralarda moslashuvchanligini va ular adolatli bo‘lsa, har qanday davlat bilan muzokaralar olib borishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi
Xitoy AQSH tariflarini oshirishga javob bergan va ko‘zgu choralarini ko‘rgan birinchi davlat bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi tarif ziddiyati natijasida AQSH Xitoy tovarlariga boj to‘lovlarini 145 foizga, Xitoy esa Amerika tovarlariga boj to‘lovlarini 125 foizga oshirdi.
Vashington ma’muriyati boshqa mamlakatlarga qarshi javob tariflarini 90 kunga kechiktirdi, Xitoyga qarshi tariflar esa kuchga kirdi.
Tramp keyinroq smartfonlar, noutbuklar, qattiq disklar, kompyuter protsessorlari va chiplar kabi ba’zi texnologik mahsulotlar qo‘shimcha tariflardan ozod qilinishini aytdi.
Live
Barchasi