Xitoy Tayvanga qurol sotish ilinjidagi AQSHni ogohlantirdi
Olam
−
30 avgust 2022
12888Xitoy Qo‘shma Shtatlardan mintaqada keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Tayvanga qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatishni va Taybey bilan harbiy aloqalardan voz kechishni talab qilmoqda. Bu haqda Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu ma’lum qildi.
“AQSHning Tayvanga qurol sotishi “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta qo‘shma Xitoy-AQSH kommyunikesi qoidalarini jiddiy ravishda buzadi, Tayvan mustaqilligi tarafdori bo‘luvchi kuchlarni rag‘batlantiradi va Tayvan bo‘g‘ozidagi keskinlikni kuchaytiradi”, deydi Liu Pengyu yaqinlashib kelayotgan qurol savdosiga izoh berib.
Diplomat Qo‘shma Shtatlarni “Tayvanga qurol sotishni va u bilan harbiy aloqalarni zudlik bilan to‘xtatishga, Tayvan bo‘g‘ozida keskinlikni keltirib chiqaradigan omillarni yaratishni to‘xtatishga va AQSH hukumatining orol mustaqilligini rad etish haqidagi bayonotini amalda qo‘llab-quvvatlashga” chaqirdi.
Shu bilan birga, Lyu Pengyu Xitoy “o‘z suvereniteti va xavfsizlik manfaatlarini qat’iy himoya qilish uchun aniq va samarali choralar ko‘rishda davom etishini” ta’kidlagan.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar uning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasa ham Tayvanga xavfsizlik bo‘yicha yordam ko‘rsatishda davom etish niyatida ekanini aytdi.
Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden yaqin orada Kongressdan Tayvanga taxminan 1,1 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotishini ma’qullashni so‘rash niyatida ekani haqida xabar bergan edik. Gap 60 ta AGM-84K Harpoon Block II kemaga qarshi raketalari va 100 ga yaqin AIM-9X Block II Sidewinder “havo-havo” tipidagi raketalar haqida bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Tayvan atrofida davomli ravishda harbiy mashg‘ulot o‘tkazib kelmoqda. Xususan, 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurdi, bu esa Pekinning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi va bunga javoban orol atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
14-15 avgust kunlari esa senator Ed Marki (Massachusets shtati) boshchiligidagi delegatsiya Tayvanga keldi. Uning ortidan ham orol atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Keyinchalik 25 avgust kuni Tennessi shtatidan respublikachi AQSH senatori Marsha Blekbern Tayvanga keldi. Xitoy Blekbernning tashrifiga munosabat bildirib, AQSH Tayvan bo‘g‘ozi mintaqasida tinchlik bo‘lishini istamasligini qayd etdi.
Tayvan va AQSH munosabatlari
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi