Xitoy Tayvan yaqinida yana harbiy mashg‘ulot boshladi

Olam

image

Xitoy Qurolli Kuchlari bugun, 15 avgust kuni dengizda va Tayvan oroli atrofidagi havo hududida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi (XOA) jangovar qo‘mondonligining Sharqiy hududi vakili katta polkovnik Shi Ining WeChat messenjeridagi rasmiy akkauntida e’lon qilingan xabarida aytiladi.

“XOA Sharqiy jangovar qo‘mondonlik zonasi jangovar shaylikni oshirish maqsadida 15 avgust kuni Tayvan oroli atrofida dengiz va havo bo‘shlig‘ida harbiylarning turli bo‘linmalaridan foydalangan holda amaliy mashg‘ulotlar va patrullar o‘tkazmoqda”, degan Shi I.

Qo‘mondonlik vakilining aytishicha, mashg‘ulotlar “AQSH va Tayvan o‘rtasida davom etayotgan siyosiy o‘yinlar” bilan bog‘liq. Mashqlarga jalb qilingan kuch va vositalarga aniqlik kiritilmagan.

“Jangovar qo‘mondonlik zonasi qurolli kuchlari barcha zarur choralarni ko‘radi va mamlakat suverenitetini, shuningdek, Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikni qat’iy himoya qiladi”, deyiladi bayonotda.

Mashg‘ulotlar senator Ed Marki (Massachusets shtati) boshchiligidagi AQSH Kongressi delegatsiyasi Tayvanga ikki kunlik tashrif bilan kelganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Kuzatuvchilarning fikricha, bu Pekin va Vashington munosabatlarini yanada keskinlashtiradi.

2-3 avgust kunlari AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Taybeyga safari ortidan Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab keskinlik kuchaydi. Tashrif rasmiy Pekin tomonidan tanqidga uchradi. Safar fonida Xitoy o‘z qirg‘oq chizig‘i va Tayvan oroli atrofida bir qator mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Xitoy-Tayvan masalasi

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Xitoy

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing