Xitoy Rossiyani Markaziy Osiyo qurol-yarog‘ bozoridan siqib chiqarmoqda – CP
Olam
−
21:09 1397 2 daqiqa
Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Rossiya uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining qurol-yarog‘ yetkazib berish sohasidagi tabiiy hamkori bo‘lib kelgan. Biroq endi Xitoy Rossiyani mintaqa qurol-yarog‘ bozoridan siqib chiqarmoqda. Bu haqda “The Caspian Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy 2010-yillarning oxiridayoq Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mudofaa sohasida kam-kamdan hamkorlik qilishni boshlagan. Ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada urush ochganidan so‘ng, sobiq sovet respublikalari o‘z harbiy arsenalini ancha faolroq diversifikatsiya qila boshlagan.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Xitoy uzoq vaqt davomida eng avvalo savdo va investitsiyaviy hamkor bo‘lib kelgan bo‘lsa, hozirda ularning mudofaa bozorini tobora shiddat bilan egallab bormoqda, deb vaziyatni tahlil qiladi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Pekin dronlar, transport samolyotlari, bronetexnika va havo hujumidan himoya (HHH) tizimlarini sotadi, chegara xavfsizligini ta’minlash infratuzilmasini moliyalashtiradi va mintaqaviy kuch ishlatar tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytiradi.
“Masalan, Turkmaniston uzoq (HQ-9) va o‘rta masofaga mo‘ljallangan (HQ-12) HHH tizimlarini xarid qildi, O‘zbekiston esa HQ-9 ning analogi bo‘lgan FD-2000 tizimlarini sotib oldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, arsenalning Xitoy qurollari hisobiga kengayishi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiya bilan birgalikda harbiy blok – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) a’zosi ekaniga qaramay yuz bermoqda.
“Lekin Tojikiston hatto Dushanbedagi paradlarda Xitoy texnikasini namoyish etmoqda”, deb qayd etgan edi “Janes” mudofaa tahlil kompaniyasi.
Tojikiston, asosan, bronetransportyorlar, zirhli avtomobillar, o‘zi yurar minomyot qurilmalari va o‘qotar qurollarni sotib olgan. Xitoy, shuningdek, Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab xavfsizlik ob’ektlarini qurish va rivojlantirishni, shu jumladan o‘z transport koridorlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarini himoya qilish uchun moliyalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy ijtimoiy tarmoqlari va harbiy tahlilchilari to‘rtta Chengdu J-10CE ko‘p maqsadli qiruvchi samolyoti O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlariga yetkazib berilganini da’vo qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi