Xitoy Rossiyaga Ukrainadagi urush uchun dronlar bilan yordam bermoqda – “Bloomberg”
Olam
−
09 iyul 5579 2 daqiqa
Rossiya bilan hamkorlikni rasman tan olmagan Xitoy kompaniyalari tufayli rasmiy Moskva Ukrainadagi urush uchun dron imkoniyatlarini keskin oshirdi. Bu haqda Rossiyaning Aero-HIT kompaniyasining ichki hujjatlari va Rossiya rasmiylari bilan yozishmalarini o‘rganib chiqqan tergov hujjatiga tayanib “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning boshidan beri Xitoyning eng yirik dron ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Autel Robotics Xabarovskdagi Rossiyaning Aero-HIT zavodiga Autel EVO Max 4T dronining uskunalarini yetkazib bermoqda. U 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Xitoy firmalari bilan hamkorlik qilishni boshlagan. Mazkur korxona davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
2025 yilning yakunigacha kompaniya oyiga 10 mingtagacha dron ishlab chiqarishi mumkinligini aytdi va ishlab chiqarishni yanada ilg‘or modellarga kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Ikkala kompaniya o‘rtasidagi aloqalar sanksiyalar sababli qisqa muddatga uzilgan bo‘lsa-da, 2024 yilning oxirida qayta tiklangan va 2025 yilning may oyidan boshlab dron ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Aero-HIT arsenalining asosini dastlab fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan Xitoyning Autel EVO Max 4T droni asosida yaratilgan FPV Veles droni tashkil etadi. Elektron urushga chidamliligi tufayli u jang maydonida samarali ekanini isbotlagan.
Bitta dronning narxi QQS bilan hisoblaganda Rossiyada 650 ming rublni tashkil qiladi.
2024 yilning iyun oyida Aero-HIT AQSH Moliya vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shildi, chunki uning uchuvchisiz uchoqlari rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Xersonda ishlatilgan.
Sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Rossiya boshqa sohalardagi, xususan, agrobiznes, logistika va umumiy ovqatlanish sohalaridagi qobiq kompaniyalaridan faol foydalanmoqda.
Xitoy rasman urushda hech bir tomonga qurol yetkazib bermayotganini aytsa-da, hujjatlarda Xitoy harbiylari bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi va AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan Xitoy universiteti – Harbin Institute of Technology (HIT) muhandislari ishtirok etgani ko‘rsatilgan.
2024 yilda Vladimir Putin Xitoyga tashrifi davomida HIT’ga tashrif buyurdi. Shundan so‘ng, HIT bilan Xabarovsk aeroporti va ushbu havo bandargohini boshqaradigan, sobiq KGB zobiti va bosib olingan Xersondan rossiyalik senator Konstantin Basyukka tegishli bo‘lgan Komax kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik faollashdi.
2023 yilning oxiriga kelib Xabarovsk zavodi oyiga 200-300 ta dron ishlab chiqara boshlagan edi. 2024 yilning mart oyida Rossiya Mudofaa vazirligi 5000 ta Veles FPV dronlariga buyurtma berishni rejalashtirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Xitoy harbiylarini joriy yilning 9 may kuni Ikkinchi jahon urushi ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan Moskvadagi paradda qatnashgani uchun tanqid qilgandi.
Live
Barchasi