Xitoy raketa qo‘shinlarini kuchaytirmoqda – CNN
Olam
−
07 noyabr 2716 2 daqiqa
Xitoy raketa ishlab chiqarish va raketa qo‘shinlariga aloqador ob’ektlar maydonini sezilarli darajada kengaytirdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, jurnalistlar 2020 yildan buyon olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, xaritalar va hukumat e’lonlarini tahlil qilib, ularni solishtirgach, ishlab chiqarish hajmi ancha oshganini aniqlagan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Xitoy Qurolli kuchlarining yadro arsenalini nazorat qiluvchi raketa ishlab chiqarish yoki raketa qo‘shinlariga tegishli 136 ta ob’ektning 60 foizidan ortig‘ida kengayish alomatlari kuzatilgan.
Zavodlar, ilmiy-tadqiqot va sinov markazlarini o‘z ichiga olgan bu ob’ektlar maydoni 2020 yil boshidan 2025 yil oxirigacha minglab kvadrat metrlarga kengaygan.
“Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yangi minoralar, bunkerlar va to‘siqlar aniqlangan bo‘lib, ular yangi qurol ishlab chiqilayotganidan dalolat beradi. Ayrim hollarda hatto raketalarning ayrim qismlari ham ko‘rish mumkin”, deyiladi xabarda.
Mualliflarning ta’kidlashicha, 2012 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan beri Xitoy rahbari Si Szinpin Qurolli kuchlarni “jahon darajasidagi jangovar kuch”ga aylantirish maqsadida harbiy texnikani xarid qilish va modernizatsiyaga milliardlab dollar sarmoya kiritgan.
“Xitoyning raketa ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatdagi deyarli barcha harbiy bo‘linmalarni ta’minlaydi. Xitoy armiyasi dunyodagi eng yirik harbiy kuch bo‘lib, shaxsiy tarkibi 2 milliondan ortiq kishidan iborat”, deyiladi maqolada.
CNN jurnalistlari Xitoy Mudofaa vazirligidan izoh so‘ragan, biroq maqola chop etilgan paytda rasmiy javob olinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan paradda ilk bor DF-5C strategik qit’alararo yadro raketasini namoyish etgandi.
Live
Barchasi