“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi uchun yer ajratildi
Olam
−
09 dekabr
39962024 yilning oktyabr oyida qurilishi boshlangan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li uchun yer ajratildi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov tegishli qarorni imzoladi.
Hujjat Jalolobod shahridagi yer maydonlarini xalqaro loyihani amalga oshirish uchun transformatsiya qilishni tartibga soladi.
Qarorda qishloq xo‘jaligi va suv fondi toifalaridan 44,29 gektar yerni “sanoat, transport, aloqa, energetika, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlar” toifasiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Jumladan:
- 36,55 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari;
- 7,54 gektar lalmikor yer;
- 0,2 gektar botqoqlar.
Jalolobod shahar hokimligiga yer uchastkalarini ro‘yxatga olish hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, qishloq xo‘jaligi yerlari davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xususiy mulkdagi yer maydonlarini ekvivalent yer uchastkalariga almashtirishni ta’minlash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlarini tasdiqlash topshirilgan. Yerlardan noto‘g‘ri foydalanilgan yoki o‘zlashtirilmagan taqdirda, ularni olib qo‘yish ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil sentyabrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy 454 kilometrlik temiryo‘l liniyasi bo‘yicha kelishib olgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasiga “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘l loyihasi kompaniyasining ustav kapitalidagi O‘zbekiston ulushini moliyalashtirish uchun 255 million dollar miqdorida kredit ajratishi belgilangandi. Ushbu mablag‘ning 14 millioni joriy yil oxirigacha ajratilishi rejalashtirilgan. Kreditlar yillik 5 foiz stavka bilan 15 yil muddatga, jumladan, 7 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. 6 iyun kuni imzolangan kelishuv shartlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning loyiha kompaniyasidagi ulushi 24,5 foizdan, 51 foizi esa Xitoyga tegishli bo‘ladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha kompaniyasining umumiy ustav kapitali 1,040 mlrd dollarni tashkil qiladi. Sentyabr oyida Qirg‘izistonning Bishkek shahrida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasi” MCHJ ochilgandi.
LiveBarchasi