Qirg‘iziston O‘zbekistonga suv berishni kamaytiradi
Olam
−
14 noyabr
13892Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament) yig‘ilishida Issiqko‘lni saqlab qolish masalasiga to‘xtaldi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Yig‘ilishda deputat Balbak Tulobayev Issiqko‘l yil sayin qurib borayotganini aytib, Vazirlar Mahkamasi rahbaridan ushbu muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘radi.
Bosh vazir Oqilbek Japarov mutaxassislar tomonidan milliy dastur ishlab chiqilayotgani haqida aytdi.
“Qorqiridan Issiqko‘lga suv kelmayapti, Qo‘chqor daryosi ham oldin ko‘lga quyilardi. Dehqonlar buloq suvidan foydalanmoqda. Konferensiyada biz Issiqko‘lni asrash bo‘yicha o‘z rejalarimizni aytib beramiz. Unga butun dunyodan olimlarni taklif qilamiz. Issiqko‘l qurigan Orol dengizi taqdirini takrorlamasligi kerak”, dedi u.
Xabarga ko‘ra, Issiqko‘lni saqlab qolish uchun Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga kamroq suv berishi mumkin. Oqilbek Japarov Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan bu borada tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Ularga Issiqko‘lni saqlab qolish zarurligi tushuntiriladi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov COP-29 iqlim konferensiyasidagi davra suhbatida iqlim o‘zgarishi sababli global suv tanqisligi kelajakda mojaro va beqarorlikka olib kelishi mumkinligi haqida aytgandi.
Muhammad Hodiyev