Xitoy “gapga quloq solmasa”, Tramp uni yana jazolamoqchi
Olam
−
07 aprel
5209Agar Pekin avvalroq e’lon qilingan qarshi choralardan voz kechmasa, Vashington 9 apreldan Xitoyga qarshi qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy qiladi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilgan.
Tramp, shuningdek, Xitoy bilan tarif siyosati bo‘yicha muzokaralar jarayoni barbod bo‘lishi bilan tahdid qilgan.
“Agar Xitoy ertaga, 2025 yil 8 aprelga qadar ilgari kiritilgan uzoq muddatli savdo cheklovlaridan oshib ketgan 34 foizlik o‘sishni bekor qilmasa, Qo‘shma Shtatlar 9 apreldan boshlab 50 foizlik qo‘shimcha bojlarni joriy qiladi”, degan Amerika rahbari.
Trampning aytishicha, agar Xitoy “gapga quloq solmasa”, Xitoy bilan boj masalasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuvlar ham to‘xtatiladi.
“Uchrashuvlar o‘tkazishni so‘ragan boshqa davlatlar bilan muzokaralar "hozirdanoq boshlanadi”, deya yozgan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp boshqa mamlakatlar tovarlariga boj joriy etishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, “o‘n yilliklar” davomida AQSH boshqa davlatlar bilan savdo to‘siqlarini kamaytirgan, bu davlatlar esa “AQSH mahsulotlariga ulkan bojlar o‘rnatgan”.
Ba’zi davlatlar esa Amerika bojlariga javob choralarini e’lon qildi. Masalan, Tramp 54 foizlik boj joriy etgan Xitoy 10 apreldan boshlab AQSHdan import qilinadigan barcha tovarlarga 34 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy etayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


