Xitoy Trampning boj inqirozini imkoniyatga aylantirmoqchi

Olam

image

Dunyo bo‘ylab davlatlar AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan o‘tgan haftada e’lon qilingan jahon savdo urushidagi keskinlashuv bo‘yicha imtiyozlar so‘rab muzokaralar olib borayotgan bir paytda, Xitoy butunlay boshqacha yo‘l tutmoqda. Trampning bozorni larzaga solgan bojlar haqidagi bayonotidan atigi 48 soat o‘tishi bilan dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot — Xitoy AQSH tovarlari va kompaniyalariga qarshi jazo choralarini joriy etdi.

Endilikda Xitoy aniq xabar yubormoqda: u savdo urushiga tayyor va bu jarayondan yanada kuchli bo‘lib chiqadi. Bu xabar Xitoyning ichki auditoriyasi va xalqaro jamoatchilikka davlat OAV va hukumat bayonotlari orqali yetkazildi.

“AQSH bojlari ta’sir qiladi, lekin “osmon qulab tushmaydi. AQSH 2017 yilda savdo urushini boshlaganidan buyon — qanday bosim bo‘lmasin — biz rivojlanishda va taraqqiyotda davom etdik. Qancha bosim bo‘lsa, shuncha mustahkam bo‘ldik”, deb yozadi Xitoy Kommunistik partiyasi nashri “Jenmin Jibao”.


Tramp 2 aprel kuni Xitoydan olib kelinadigan barcha tovarlarga qo‘shimcha 34% boj joriy etdi. Mavjud bojlar bilan bu umumiy 54% dan oshib ketadi. 4 aprel kuni Pekin ham AQSH tovarlariga javob tariqasida 34% boj va boshqa cheklovlarni kiritdi — xususan, noyob metallar eksportiga va ayrim AQSH kompaniyalariga nisbatan.

CNN'ning yozishicha, Xitoy AQSH bojlarini ko‘p marotaba “yakkalikdagi tajovuz” deb atagan. Ular tomonidan aytilgan so‘zlar ichki bozorda xavotirni yumshatish va tashqi dunyoga ishonch uyg‘otish uchun qaratilgan targ‘ibot sifatida ham qaralishi mumkin. Biroq bu Xitoy rahbari Si Szinpin va uning jamoasi Trampning boj siyosatini faqat muzokara usuli emas, balki AQSH uchun ham yo‘qotishlar bilan tugashi mumkin bo‘lgan xatarli taktika deb baholashini ko‘rsatadi.

Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Rayan Hass kecha, 6 aprel kuni Xitoyda o‘tkazgan uchrashuvlari ortidan shunday yozdi:  

“Ko‘pgina xitoylik amaldorlar va mutaxassislar AQSH o‘z xalqaro nufuziga zarar yetkazmoqda, deb hisoblashmoqda... Ba’zilar dunyo bloklarga bo‘linayotganini, ba’zilar esa AQSHsiz globallashuv davri boshlanayotganini ta’kidlamoqda. Pekin ikkinchi variantni afzal ko‘radi”.

“Raqobatga tayyormiz”

Trampning bojlari nafaqat raqiblarga, balki ittifoqdoshlarga ham taalluqli bo‘lgandan so‘ng, Xitoy o‘zini global iqtisodning himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urina boshladi.

“Jahondagi ikkinchi yirik iqtisodiyot va iste’mol bozori sifatida, Xitoy har qanday sharoitda ham eshiklarini kengroq ochaveradi”, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligining 5 apreldagi bayonotida.

Kecha, 6 aprel kuni Xitoy Savdo vazirining o‘rinbosari Lin Szi Tesla va GE HealthCare kabi 20 ta AQSH kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. U Xitoyni “investorlar uchun ideal, xavfsiz va umidbaxsh” joy deb ta’rifladi.

Xitoy davlat telekanali CCTV'da chiqish qilgan iqtisodchilarning ta’kidlashicha, bu vaziyat Xitoy uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.

“Xitoy butun dunyoga aniq xabar yuboryapti: biz AQSHning tahdidiga chidab tura olmaymiz — cho‘zilgan chidash yanada katta bosimga olib keladi”, dedi Xitoydagi Jongyan moliya tadqiqotlar instituti professori Lyu Chjitsin.

“Xitoy va AQSH hozir xalqaro savdo tizimini qayta shakllantirish uchun to‘g‘ridan o‘g‘ri raqiblar. Biz raqobatga tayyormiz”, — dedi professor Sinxua universitetining Xitoy Xalq banki moliya maktabi professori Szyu Szyandun.

CNN'ning yozishicha, Xitoyning bu turdagi bayonotlari boshqa davlatlar tomonidan ehtiyotkorlik bilan qabul qilinadi. Chunki Xitoy bozorga kirish huquqini siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llab kelgan. Bundan tashqari, Xitoy tovarlari boshqa bozorlarni egallab olishi, mahalliy ishlab chiqarishni tushirishi mumkin.

Shu bilan birga, AQSHning ittifoqdoshlariga ham bojlar joriy etilayotgani tufayli, ko‘plab mamlakatlar Xitoy bilan yaqinroq munosabat o‘rnatishga majbur bo‘lishi mumkin. O‘tgan oyda Xitoy Yaponiya va Janubiy Koreya (ularga 24% va 25% boj qo‘yilgan), shuningdek, Yevropa Ittifoqi (20%) bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari — ayniqsa, Xitoydan ishlab chiqarishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar — bojlar urushidan qattiq jabr ko‘rishdi. Singapurda Bosh vazir Lourens Vong shunday dedi:  

“AQSHning “Ozodlik kuni” bayonoti global tartibdagi tub o‘zgarishni anglatadi. Qoidalarga asoslangan global savdo davri tugadi. Endi proteksionist, ixtiyoriy va xatarli davrga kiryapmiz”.

Ichki muammolar

Xitoy ham bu urushning iqtisodiy ta’siriga tayyorlanmoqda. AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo o‘tgan yili taxminan yarim trillion dollarni tashkil etgan.

Xitoy hukumati eksportga bog‘liq o‘sishga qarshi chora sifatida ichki iste’molni rag‘batlantirishga qaratiladigan islohotlarni e’lon qildi.

“Biz ichki iste’molni jonlantirish uchun g‘ayrioddiy harakat qilamiz va zarur bo‘lsa, qo‘shimcha choralarni joriy etamiz”, deyiladi “Jenmin Jibao” nashrida.

Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, yangi 34% boj Xitoy YAIMini kamida 0.7 foizga pasaytiradi. Shu bois, hukumat 5% o‘sish maqsadiga erishish uchun islohotlarni tezlashtiradi. Ammo Xitoy bu safar javob choralarini juda tez va qattiq ko‘rish orqali bojlar urushini yanada keskinlashtirishi mumkin. Ikki yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi ushbu savdo urishi qay darajagacha kuchayishi hozircha noma’lum. Bir narsa aniq: u qanchalik davom etsa, undan chiqish shunchalik qiyinlashadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy Rayan Hass Lourens Vong

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing