Xitoy Falastinni qo‘llashga va’da berdi

Olam

image

Xitoy Quddusning tarixiy maqomini o‘zgartirishga qaratilgan barcha bir tomonlama tashabbuslarga qarshi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin ma’lum qildi.

“Biz Quddusning tarixiy maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarga qarshimiz”, degan u.

Xitoy diplomatik idorasi vakili so‘nggi kunlarda Isroil xavfsizlik kuchlarining Quddusdagi Al-Aqso masjidiga qarshi harakatlari natijasida yuzaga kelgan zo‘ravonlik va to‘qnashuvlar avj olganidan xavotir bildirgan.

Venbin tomonlarni vazminlikka chaqirdi va Xitoy Falastin masalasining “marginallashuvi va unutilishiga” qarshi ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “yarim asrlik adolatsizlikka chek qo‘yish” zarur.

Diplomat xalqaro hamjamiyat va birinchi navbatda, buyuk davlatlar “boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Falastin muammosiga tik qarashi kerak” va tomonlar o‘rtasida tinchlik muzokaralarining tezroq boshlanishiga hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladi.

“Xitoy Falastin mojarosi hal etilmagunicha, Falastin xalqining adolatli ishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deb ishontirgan Venbin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi. Bu holat shundan beri har kuni takrorlanib kelmoqda.

Hozirgacha Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilib, Al-Aqso atrofidagi hodisalarga qarshilik ko‘rsatishini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.

Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso

Baholaganlar

223

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing