Xitoy boshlagan yarashtiruv ish berdi
Olam
−
01 may 2023
22920Saudiya Arabistonida Eronning uchta diplomatik vakolatxonasi o‘z faoliyatini tikladi. Bu haqda bugun, 1 may kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani ma’lum qildi.
“Eronning Ar-Riyod va Jiddadagi uchta missiyasi dastlabki bosqichda ish boshladi”, deydi Eron TIV vakili.
Biroq u vakolatxonalarning formatiga aniqlik kiritmagan. Bundan oldinroq esa mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan Eron va Saudiya Arabistoni elchixonalari va konsulliklari yaqin kunlarda ishini qaytadan boshlashini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Tehron va Ar-Riyod ikki oy ichida diplomatik munosabatlarni tiklash va elchixonalar faoliyatini tiklashga kelishib olgan edi. O‘shanda ikki davlat vakillari Pekinda bir necha kun muzokaralar olib bordi, natijada uch tomonlama bayonot tayyorlandi. Eron va Saudiya orasidagi munosabatlar tiklanishida Xitoy muhim o‘rin tutdi.
Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar 2015 yilning mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning Yamanda “Ansor Alloh” (husiylar)ga qarshi harbiy amaliyoti boshlanishi bilan keskinlashgan edi. 2016 yil yanvarida Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi va uning Mashhaddagi konsulxonasi Ar-Riyodda shia ruhoniysi Shayx Nimr an-Nimrning qatl etilishidan g‘azablangan olomon tomonidan hujumga uchragach, podshohlik Eron respublikasi bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi.