Xitoy Blinkenni qabul qilmayapti
Olam
−
15 aprel 2023
15410Xitoy AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning mamlakatga kelishiga ruxsat bermadi. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Pekin Vashingtonga Amerika diplomatiyasi rahbari fevral oyida bekor qilgan safar uchun yangi sanani tanlashga tayyor emasligini aytgan. Manbaga ko‘ra, Xitoy rasmiylari Oq uy Davlat kotibining Xitoyga safari chog‘ida Federal qidiruv byurosi AQSH tomonidan urib tushirilgan “josus shar”ga doir hisobotini ashyoviy dalillar bilan birga e’lon qilishidan qo‘rqadi. Chunki AQSH ma’muriyati hozirgacha “josus shar” ishi bo‘yicha tergov natijalariga oid rejalarini ochiqlamagan.
Aytilishicha, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang mart oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan “Xitoy taraqqiyoti” forumida amerikaliklar bilan uchrashuv chog‘ida bu masalani ko‘targan.
11 aprel kuni esa Blinken Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqib, qulay sharoitlar yetilganda Pekinga borishini aytgan va Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Xitoy bilan aloqa kanallarini mustahkamlashni xohlashini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi oxirida AQSH osmonida Xitoyga tegishli “josus havo shari” aniqlangach, Blinken 5-6 fevral kunlariga rejalashtirilgan Xitoyga tashrifini noma’lum muddatga ortga surgandi. 4 fevral kuni esa Xitoy shari AQSH havo hududida raketa bilan urib tushirilgandi. Vashington ma’muriyati mazkur qurilma yordamida Xitoy muhim ma’lumotlarni to‘plaganini ta’kidlagandi. Pekin esa AQSH tomonidan qilingan hujum va tuhmatlarga qarshi norozilik bildirgandi.
LiveBarchasi