Xitoy AQSHning “Oltin gumbaz” loyihasidan cho‘chiyapti
Olam
−
21 may
10863AQSHning yangi “Oltin gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimi loyihasi koinotni harbiylashtirish va qurollanish poygasining kuchayish xavfini oshiradi. Bu haqda bugun, 21 may kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Oltin gumbaz” – bu global, ko‘p bosqichli va cheklovlarsiz raketaga qarshi mudofaa tizimi bo‘lib, AQSHning kosmosda zarba berish imkoniyatlarini kengaytirishini nazarda tutadi. U orbitada joylashtiriladigan tutuvchi tizimlarni ishlab chiqish va joylashtirishni o‘z ichiga oladi, bu esa ochiqchasiga hujumkor xarakterga ega.
Mao Nin, shuningdek, “Oltin gumbaz” loyihasi “Koinot to‘g‘risidagi” shartnomada belgilangan koinotdan tinch maqsadlarda foydalanish prinsipini buzishini bildirgan.
“Bu xalqaro xavfsizlik va qurollarni nazorat qilish tizimiga jiddiy putur yetkazadi. AQSH o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib, mutlaq xavfsizlikka erishishga intilmoqda. Bu esa boshqa davlatlar xavfsizligiga tahdid soladi va global strategik muvozanatni izdan chiqaradi”, dedi Mao Nin.
Ma’lumot uchun, “Davlatlarning Oy va boshqa osmon jismlari, shu jumladan koinot bo‘shliqlarini tadqiq etish va ulardan foydalanish faoliyatining prinsiplariga oid shartnoma” (“Kosmos shartnomasi”) 1967 yildan beri amal qiladi.
Ushbu xalqaro hujjatni hozirgacha 132 davlat, jumladan AQSH va Xitoy imzolagan. Shartnoma quyidagilarni taqiqlaydi:
- Koinotda har qanday ommaviy qirg‘in qurollarini, jumladan yadro qurolini joylashtirish;
- Oy va boshqa osmon jismlarida harbiy bazalar qurish, harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
- Kosmosni faqat tinch maqsadlarda foydalanishni talab qiladi.
Shartnoma, shuningdek, koinot hech bir davlat tomonidan suveren hudud sifatida egallanishi mumkin emasligini belgilaydi. Bu hujjat xalqaro xavfsizlikni saqlash va koinotni harbiylashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy yuridik tayanch hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu gaplar AQSH Prezidenti Donald Trampning “Oltin gumbaz” haqidagi bayonotidan so‘ng aytildi. Tramp AQSH yangi raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun arxitektura rejasi tanlaganini va u taxminan 175 milliard dollarga tushishini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, tizim yer, dengiz va kosmik komponentlarni o‘z ichiga oladi va ikkinchi prezidentlik muddati yakuniga qadar ishga tushiriladi.
LiveBarchasi