“Oltin gumbaz” AQSHning omon qolishi uchun zarur – Tramp
Olam
−
21 may 2025 6081 2 daqiqa
AQSHning “Oltin gumbaz” yangi raketaga qarshi mudofaa tizimi mamlakat xavfsizligi va hatto omon qolishi uchun muhim. Mazkur loyiha uchun taxminan 175 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda kecha, 20 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi.
U AQSH “Oltin gumbaz” tizimi uchun rasmiy arxitektura rejasi tanlaganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, tizim yerda va kosmosda joylashadigan yangi avlod texnologiyalarini, xususan, kosmik sensorlar va tutuvchi qurilmalarni o‘z ichiga oladi.
“Bu bizning muvaffaqiyatimiz va hattoki yashab qolishimiz uchun nihoyatda muhim”, deydi Tramp.
Uning aytishicha, tizimni ishlab chiqish va joylashtirish uchun 3 yildan kamroq vaqt talab etiladi.
Trampning bildirishicha, Kanada hukumati ham AQSH bilan bog‘lanib, loyihaga qo‘shilish istagini bildirgan. Ushbu masala yaqin orada muhokama qilinadi.
Oq uyda Tramp bilan birga bayonot bergan AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset “Oltin gumbaz” tizimi yadro qurollarini tutishga ham mo‘ljallanganini aytdi.
“Biz o‘z mamlakatimizni qanotli, ballistik, gipertovushli raketalar va dronlar hujumidan qilamiz”, deydi Xegset.
Shuningdek, Tramp “Oltin gumbaz”ni deyarli mukammal himoya tizimi deb atagan va u Isroilning “Temir gumbaz” (Iron Dome) tizimidan afzal bo‘lishini ta’kidlagan. Ma’lumot o‘rnida, AQSH “Temir gumbaz”ni ishlab chiqishda ham ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Donald Tramp Kongressning ikkala palatasi oldida “Amerika orzusining qayta tiklanishi” mavzusida nutq so‘zlab, Kongressdan AQSHda to‘liq ishlab chiqariladigan yangi “Oltin gumbaz” raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratish uchun mablag‘ ajratishni so‘ragandi.
Keyinroq esa Tramp ma’muriyati mamlakatning mudofaa xarajatlarini keskin oshirib, 1,01 trillion dollarga yetkazishi xabar qilindi. Shu mablag‘lardan 175 milliard dollari aynan “Oltin gumbaz” uchun ishlatilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi