Xitoy AQSHdan Suriyani tinch qo‘yishini so‘radi
Olam
−
10 mart 2023
10818Xitoy AQSHni Suriyadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga va bu mamlakatni talon-toroj qilishni to‘xtatishga chaqirmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning bugun, 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“AQSH Suriya inqirozi bilan bog‘liq harbiy harakatlarga noqonuniy aralashdi, bu esa ko‘p sonli begunoh fuqarolarning o‘limiga va jiddiy gumanitar falokatga olib keldi. Biz Qo‘shma Shtatlarni boshqa davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini chin dildan hurmat qilishga, Suriyani talon-toroj qilishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, degan Mao Ning.
Shuningdek, u AQSH hukumatini Suriyaga qarshi “noqonuniy” bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilishga va mamlakatdagi gumanitar vaziyatni og‘irlashtiruvchi harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan. Xitoy TIV vakilining aytishicha, Suriya inqirozi yillarida mamlakatda harbiy mojaro oqibatida kamida 350 ming kishi halok bo‘lgan, 14 million kishi esa gumanitar yordamga muhtoj bo‘lib qolgan.
Ta’kidlash joizki, Mao Ning chaqirig‘i 8 mart kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasida Qo‘shma Shtatlarning barcha qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqib ketishi haqidagi rezolyutsiya rad qilingani ortidan yangragan. Bundan oldinroq, joriy yilning 4 mart kuni AQSH shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Milli Suriyaga tashrif buyurib, u yerda Amerika harbiylarining mamlakatdagi mavjudligi ham Qo‘shma Shtatlar, ham uning ittifoqchilari xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi