Xitoy AQSH iqtisodiyotini qachon ortda qoldirishi aytildi
Olam
−
28 dekabr 2020
111292028 yilga kelib Xitoy AQSHni ortda qoldirib, dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega davlatga aylanadi. Bu haqda Britaniyaning Iqtisodiy va biznes tadqiqotlari markazi (CEBR) hisobotida so‘z bormoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, dastlab mutaxassislar Xitoyning AQSH iqtisodiyotini ortda qoldirishi faqat 2033 yilda sodir bo‘ladi deb hisoblagan. Biroq, bu ikki davlatning COVID-19 pandemiyasi oqibatlaridan har-xil tezlikda halos bo‘lishi iqtisodiy prognozlarning o‘zgarishiga olib kelgan.
Hisobotga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida o‘rtacha iqtisodiy o‘sish 2021-2025 yillarda yillik 5,7 foizga yetadi, so‘ngra 2026-2030 yillarda 4,5 foizni tashkil etadi. Amerika Qo‘shma Shtatlarini esa kelgusi yilda katta iqtisodiy o‘sish kutmoqda, ammo bu ko‘rsatkich 2022-2024 yillarda yillik 1,9 foizga, keyin esa 1,6 foizgacha pasayadi.
Shuningdek, hisobotda boshqa davlatlar haqida ham so‘z boradi, xususan, Yaponiya 2030 yillarning boshiga qadar iqtisodiyotini birinchi uchlikda saqlab turadi. Ammo, keyinchalik Hindiston uni ortda qoldiradi. Germaniya to‘rtinchidan beshinchi o‘ringa tushadi. Hozirgi kunda dunyoning beshinchi iqtisodiyoti hisoblangan Britaniya esa 2024 yilga kelib oltinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin.
“CEBR”ga ko‘ra, bu yilgi dunyo ishlab chiqarishining 19 foizi Yevropa hisobiga to‘g‘ri keldi. Agar Yevropa Ittifoqi va Britaniya o‘rtasida keskinlik yuzaga keladigan bo‘lsa, 2035 yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 foizgacha tushib ketishi ham mumkin.
Hisobotda, shuningdek, koronavirus pandemiyasining global iqtisodiyotga ta’siri uning sekin o‘sishida emas, balki yuqori inflyatsiyada namoyon bo‘lishi qayd etilgan.
LiveBarchasi