AQSH-Xitoy “sovuq urushi” yoxud Baydenga qolgan og‘ir kelajak
Tahlil
−
21 dekabr 2020
17956Vanihoyat, AQSH prezidentligiga rasman demokrat Jo Baydenning saylangani ma’lum bo‘ldi. Bu voqelik Amerika halqining katta qismi uchun avvaldan kutilgan xushxabar bo‘lsa, ba’zi davlatlar uchun munosabatlarni yaxshilashga qulay imkoniyat. Xitoy – yuqoridagi fikrimizga yaqqol misol. Vaziyatga to‘g‘ri baho berib, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili AQSH bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etish tarafdori ekanini bildirdirishga ham ulgurdi. Chin yurtidan ijobiy signal kelgan bo‘lsa-da, AQSH bilan munosabatlarni yaxshilash oson kechmaydi.
Hozirgi Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi 40 yillikdagi eng inqirozli holatda: savdo urushi, yangidan yangi sanksiyalar, Xitoy fuqarolari uchun ish joylarini cheklash va deportatsiya... AQSH tashqi siyosatida Xitoy Rossiya, hatto, sobiq SSSR o‘rnini egallab ulgurdi. Xitoy kommunistik rejimdagi davlat ekanini hisobga olsak, u AQSH uchun ham strategik, ham mafkuraviy raqib.
Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar “Sovuq urush” bo‘sag‘asiga kelib qolishida amaldagi Prezident Donald Trampning “xizmatlari” katta. Tinib-tinchimagan Tramp prezidentligining so‘nggi haftalarida ham bu munosabatlarni yanada chigallashtirish niyatida chog‘i, Xitoy kompaniyalariga qo‘yilayotgan sanksiyalarning keti uzilmayapti. Ammo, uning o‘rnini egallaydigan Jo Baydenning “Samoviy imperiyaga” nisbatan munosabati mutlaqo boshqacha.
Kutilgan natija yolg‘on bo‘lib chiqdi
Bir vaqtlar aynan Bayden “qizil ajdaho”ning Jahon Savdo Tashkilotiga kirib olishiga yordam bergan va keyin bundan ko‘pchilik pushaymon bo‘lgan edi.
“Qo‘shma Shtatlar gullab-yashnayotgan va dunyo hayotiga qo‘shilgan Xitoyning jahon sahnasiga chiqqanini mamnuniyat bilan qabul qiladi, chunki biz uning qoidalar asosida o‘ynashiga ishonmoqdamiz”, degan so‘zlar bilan AQSH Tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Jozef Bayden 2001 yilda XXRning o‘sha paytdagi rahbari Szyan Szeminga murojaat qilgan edi.
Bayden Xitoyning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) kirishini ta’minlash uchun shaxsan harakat qildi va aynan u Vashington nomidan Pekinni lider davlatlar yig‘ilgan stolga taklif etdi.
Yigirma yil o‘tgach, Xitoyning o‘zi ham bu stolga quyuq o‘rnashib oldi. Xitoy xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyaga kirishdi-yu, lekin o‘z bilganicha harakat qildi va amerikaliklar kutganidek, G‘arb qadriyatlari, demokratlashish haqida o‘ylamadi. Uni faqat texnologiyalar qiziqtirardi.
AQSH Xitoydan hamkorlikni kutgan edi, biroq uning o‘rniga JST standartlariga rioya qilmaslik, adolatsiz savdo amaliyotlari va texnologiyalarni o‘g‘irlash holatlarini oldi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning JSTdagi ishtiroki “Qo‘shma Shtatlar uchun falokat” bo‘lib chiqqan.
Xitoy amerikaliklar belgilagan trayektoriya bo‘ylab harakatlanmayotgani, AQSHning 44-prezidenti Barak Obama davridayoq ayon bo‘lgan edi. 2013 yilda Barak Obama AQSH siyosatining Osiyoga yo‘naltirilganini e’lon qildi.
“Vashington Yaqin Sharqda terrorizmga qarshi yillar davomida kurash olib borganida, Xitoy nazoratsiz qoldi va tezlik bilan o‘sdi”, degan edi Obama.
Birgina, 1999-2011 yillar oralig‘ida Xitoy bilan ishlab chiqarishdagi raqobat Qo‘shma Shtatlarda 2 milliondan ortiq ish o‘rinlarining qisqarishiga olib keldi. Shu bilan birga, bu orada Amerika moliya tizimining nomukammalligidan kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz o‘z ta’sir doirasini kuchaytirib olishda Pekinga qo‘l keldi.
O‘sha yillarda Bayden vitse-prezident sifatida Xitoyning yangi rahbari Si Szinpin bilan sakkiz marta uchrashgan va hatto, u bilan Sichuan viloyatidagi maktabda basketbol o‘ynagan. O‘shanda XXR raisi vitse-prezident Baydenda Amerika qudratiga shubha bilan qaraydigan va Xitoy Kommunistik partiyasining ustunligiga ishonadigan, qattiqqo‘l rahbar sifatida taassurot qoldirgan. Safardan so‘ng, Bayden Oq uydagi uchrashuvlardan birida Prezident maslahatchilariga Xitoy rahbari haqida “bu yigit bilan juda ko‘p muammolar bo‘ladi”, deb aytgan.
Obamaning o‘zi ham Xitoy bilan yumshoq munosabatda bo‘lganini tan oldi, ammo uning qo‘llari 2008 yilgi moliyaviy inqiroz oqibatlari bilan bog‘langanini ta’kidladi.
“Men 2009 yoki 2010 yillarda savdo urushini boshlay olmadim”, deb afsus bilan aytgandi Oq uyning sobiq rahbari.
Donald hamlasi
Barak Obama armoni Donald Tramp davrida amalga oshdi, iqtisodiy urush tomon qadam tashlandi. Dastlab, voqealarning bunday tus olishini hech kim kutmagandi. Chunki Tramp davrida ikki gigant o‘rtasidagi munosabatlar “sog‘lom start” olgan: AQSH Prezidenti Pekindagi taqiqlangan shaharga tashrif buyurgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. Trampning o‘zi ham Si Szinpinni “buyuk lider” deb atagandi.
Tramp Xitoyga qarshi iqtisodiy kurashni 2018 yilda boj tariflari qo‘llashdan boshladi. Bunda AQSHga kirib kelayotgan Xitoy tovarlarining narxini oshirish qo‘zlangan va maqsad amerikaliklarni Xitoy tovarlarini qamroq sotib olishga undash edi. Trampning keskin choralar ko‘rishiga AQSHning Xitoy bilan savdo balansidagi nomutanosiblik ham sabab bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, “osiyolik hamkor” Amerika hududida AQSH Xitoyda sotganiga qaraganda 300-400 milliard dollarga ko‘proq tovar pullagan. Bu holat amerikaliklar uchun o‘ta noqulay edi. Chunki Xitoyning arzon import mahsulotlari AQSH mahalliy sanoat tarmoqlarini o‘ldirar hamda ko‘plab AQSH korporatsiyalari ishchi kuchining arzonligi sababli o‘z fabrikalarini XXRga ko‘chirishiga olib kelar edi.
Shu zaylda, import taqiqlanib, asta-sekinlik bilan yangi bojlar joriy etilishi boshlandi. Bunga javoban, Pekin ham shunday choralarni ko‘rdi. Natijada savdo urushi faqat jadallashdi. 2020 yilda koronavirus kelishi bilan ziddiyat yanada keng tus oldi.
Joriy yilning yanvar oyida Tramp Xitoy hukumatining COVID-19 epidemiyasini jilovlay olish qobiliyatini olqishlab, Si Szinpinga ushbu masalalarda ishonishini aytgan bo‘lsa-da, infeksiya AQSHga yetib kelganidan so‘ng, Tramning gapirish ohangi keskin o‘zgardi. Kasallik tarqalishida Pekinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblagan Tramp, virus Xitoyniki ekanini ta’kidladi.
Avgust oyiga kelib, AQSHda koronavirus bilan kasallanganlar soni rekord darajada o‘sib ketishi tufayli, Tramp, hatto, Xitoy bilan savdo bitimini tuzishdan bosh tortdi. “Xitoy virusi” haqidagi bayonotlardan so‘ng, AQSHdagi xitoylik talabalar va olimlar XXR harbiy kafedralari bilan hamkorlik qilishda ayblandi: ko‘plari mamlakatdan chiqarib yuborildi yoki vizalari bekor qilindi.
Oqibatda Xitoy texnologik kompaniyalariga qarshi sanksiyalar qo‘llanildi. Jurnalistlarni ham mamlakatdan chiqarib yuborish “aksiya”si boshlandi. Albatta, Pekin ham OAV xodimlariga bunday munosabatni javobsiz qoldirmadi.
AQSHda Pekinning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Gonkong va Janubiy Xitoy dengizidagi siyosati qoralandi va hatto, Xitoyning Xyustondagi konsulligi yopildi. Bu, albatta, Xitoy tomonidan ham choralar qo‘llanilishiga olib keldi: amerikalik jurnalistlarning XXRda ishlashi taqiqlandi, AQSHning Chendudagi vakolatxonasi yopildi hamda Amerika rasmiylari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qilindi.
“Pekin bizning xalqimiz va farovonligimizga tahdid solmoqda. Agar erkin dunyo Xitoy Kommunistik partiyasini o‘zgartirmasa, u bizni o‘zgartiradi”, degan edi sodir bo‘layotgan voqealar fonida AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo.
Ushbu nutq darhol “yangi Fulton nutqi” deb nomlandi. Boisi Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchillning 1946 yil mart oyida AQSHning Fulton shahrida so‘zlagan nutqi SSSR tomonidan “Sovuq urush” boshlanishining belgisi deb baholangan edi.
Qichik Jorj Bush va Barak Obama rahbarligida Milliy xavfsizlik kengashining Xitoy, Tayvan va Mo‘g‘uliston bo‘yicha sobiq maslahatchisi Pol Xenli ta’kidlaganidek, Trampning to‘rt yillik faoliyati natijasida XXR va AQSH o‘rtasida iqtisodiyot va xavfsizlik sohasida strategik qarama-qarshilik kuchaydi. Ammo, bunda faqat Vashington aybdor emas.
“So‘ngi paytlarda XXRning o‘zida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Rejim avtoritar va repressiv holga keldi. Iqtisodiy sohada Pekin JSTga kirishda bergan va’dalarini muntazam ravishda buzdi”, deydi Pol Xenli.
Shuningdek, AQSH tomonidan Xitoyga nisbatan tajovuzkor kayfiyat kuchayganini ta’kidladi.
“Bularning barchasi Trampning hokimiyat tepasiga kelishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi va ajoyib “shturm” hosil qildi”, deydi sobiq maslahatchi.
Xayrlashuv gulxani
Tramp prezidentlik muddati tugab borayotgani sayin Amerika rahbari sifatida bir qator masalalarda keskin choralar qo‘rmoqda.
Xitoy yana nishonda. AQSH Xitoy kompaniyalarini Eron yadro dasturiga aloqadorlikda ayblab, cheklovlar qo‘yishni boshladi. Tramp davrida XXRga qarshi yakuniy chora-tadbirlar to‘plami qabul qilinganidan so‘ng, hokimiyatga Bayden kelgach, katta ehtimol bilan yangi ma’muriyat 180 darajaga o‘zgarib, vaziyatni yumshatishi deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.
“Bayden uchun qo‘p narsa Trampning so‘nggi oylarda ofisda nima bilan shug‘ullanishiga bog‘liq bo‘ladi”, deydi sobiq maslahatchi Xenli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning yangi sanksiyalari Bayden jamoasiga Xitoy bilan muzokaralarda qo‘shimcha dalda bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin.
“Yanada ko‘proq tariflar, taqiqlar, farmonlar... Agar Baydenning jamoasi buni to‘g‘ri tushunsa, ular Xitoyning yon berishi evaziga ushbu choralarni yengillashtirishi mumkin. Ammo Tramp haddidan oshib ketsa, keyin nima bo‘lishini kim biladi deysiz...”, deydi Pol Xenli.
Genri Kissinjer qanday fikrda?
Xitoyning dunyoga “ochilishida” bevosita ishtirokchi bo‘lgan sobiq AQSH Davlat kotibi Genri Kissinjer, o‘z navbatida, yangi Prezident strategik raqib bilan aloqani imkon qadar tezroq tiklashi kerak, deb hisoblaydi.
“Xitoy bilan aloqalar yaxshilanmasa, dunyo Birinchi jahon urushi bilan teng falokatga duchor bo‘ladi, chegaradan chiqadigan va haqiqiy harbiy to‘qnashuvga aylanadigan qandaydir inqiroz yuzaga keladi”, deydi sobiq AQSH Davlat kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologik rivojlangan davrda inqirozli holatni boshqarish ancha qiyin bo‘ladi.
“Qo‘shma Shtatlar ham, Xitoy ham hech qachon deyarli o‘zlariga teng davlatlar bilan to‘qnashmagan. Biz nizolardan qochishimiz kerak”, deydi Kissinjer.
Shu bilan birga, sobiq davlat kotibi hozirgi sharoitda demokratik mamlakatlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidladi. Biroq, u hamkorlikning bitta mamlakatga qarshi ishlashi oqilona qaror emasligini qo‘shimcha qildi.
Xitoylik ekspertar nima deydi?
Xitoylik mutaxassislar ham Xitoy-AQSH munosabatlari tiklanib, Obama davriga qaytishiga umid qilmayapti.
“Trampning diplomatik merosini hisobga olsak, Bayden jamoasi a’zolari “Trampizm”ni muvozanatlashtirishi va Obama davriga qaytishi ehtimoldan yiroq. AQSH Kongressida xitoyliklarga qarshi ritorika hanuzgacha baland ovozda yangramoqda”, deydi Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasining Amerika tadqiqotlari instituti professori Sun Chenhao.
Xitoy Xalqaro munosabatlar universiteti professori Li Xaydunga ko‘ra, Bayden atrofidagi odamlar – “elita”. Va ular belgilaydigan tashqi siyosiy yo‘nalishni oldindan aytish mumkin.
“Baydenning siyosati yakkalanishga emas, balki ko‘p tomonlama hamkorlikka qaratilgan. Bu siyosat AQSH yetakchiligini tiklashga va ittifoqchilar bilan munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi”, deydi professor.
“Avvalgi yaxshi kunlar o‘tdi... Qo‘shma Shtatlardagi Sovuq urush qirg‘iylari so‘nggi yillarda harakatga tushib qolgan va ular yaqin kelajakda yo‘q bo‘lib ketmaydi”, deya ogohlantiradi Jahon va zamonaviy tadqiqotlar ilg‘or institutining Shenchjen tahlil markazi rahbari Chjen Yunnyan.
Baydenning Xitoyga munosabati
20 yil oldin Bayden Pekinning dunyo hamjamiyatiga kirib kelishiga optimistik munosabat bildirgan bo‘lsa-da, o‘sha paytda ham “Samoviy imperiyaga” “mahliyo” bo‘lib qolmagan. 1989 yilda Tyananmen maydonida namoyishga chiqqan talabalarga qarshi tazyiqlar, boshqa ko‘plab chet elliklar singari Baydenni ham hayratga solgandi. Keyinchalik, u Xitoyda demokratik qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalarini yaratish to‘g‘risida qonun loyihasini taklif qildi. Loyiha 1996 yilda amalga oshirildi. O‘sha paytda yaratilgan “Radio Asia Free” hanuzgacha mavjud.
Bayden bugungi kunga kelib, Xitoy jamiyatining o‘zgarish ehtimoli haqida gapirmay qo‘ygan, Si Szinpinni esa avtoritar rahbar va bezori, deb hisoblaydi. Ko‘plab intervyularida Bayden XXR AQSH uchun asosiy strategik muammo ekanini ochiq aytmoqda. Inauguratsiyadan keyin demokrat, kerak bo‘lsa, sanksiyalarni zudlik bilan qo‘llashga ham va’da berdi.
“Qo‘shma Shtatlar Xitoyni o‘z nazoratida ushlab turishi kerak”, deydi Jo Bayden.
Ichki muammolar kun tartibida
Hozir Bayden uchun birinchi o‘rinda Qo‘shma Shtatlarning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish masalasi turibdi. So‘nggi oylarda AQSHga turli partiyalar tarafdorlarining noroziliklari, irqiy motivlarga ega tartibsizliklar va koronavirus epidemiyasi katta zarar yetkazdi.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Bayden Oq uyga kelgach, birinchi navbatda, ichki muammolar bilan shug‘ullanadi. Uning “avvalgidan ham yaxshiroq qilish” iqtisodiy rejasi doirasida Amerikaning ishlab chiqarish va tadqiqot markazlariga sarmoyalar kiritilishi kutilmoqda. Ularning samarasi Xitoy bilan muvaffaqiyatli raqobatda ko‘zga tashlanishi kerak.
Navbat Xitoy malasiga yetganda-chi?
Bayden jamoasining Pekin uchun aniq strategiyasi tuzilmagan bo‘lsa-da, uning ba’zi elementlari allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan. Xususan, yangi strategiyada Tramp ma’muriyatining AQSH tashqi siyosatidagi provokatsion chiqishlaridan voz kechiladi. Bu AQSHning Yevropa va Osiyo davlatlari bilan ittifoqchilik munosabatlari tiklanishiga ta’sir qilishi kerak, dunyoning turli qismlarida demokratik qadriyatlarni targ‘ib qilish esa, Bayden siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Tramp esa, prezidentlik davrida bundan ancha uzoqlashdi.
Baydenning Pekin bilan iqlim o‘zgarishi, sog‘liqni saqlash va yadroviy qurolni cheklash doirasida hamkorlik qilish ehtimoli mavjud bo‘lsa-da, u Tramp davrida qo‘yilgan sanksiyalarni shunchaki bekor qilib yubormaydi. Chunki, cheklovlar nafaqat farmonlar, balki qonunlar shaklini ham olgan. Vashingtonning cheklovlardan voz kechishi uchun birinchi bo‘lib, Xitoy yon berishi kerak.
Baydenning Xitoyga yon bosishiga esa, jamoatchilik fikri yo‘l qo‘ymaydi. “Pew Research Center” tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikaliklarning 73 foizi Xitoy haqida salbiy fikrda, bu so‘nggi 15 yil ichidagi eng yomon ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, AQSH fuqarolarining yarmidan ko‘pi XXRni “strategik raqobatchi” deb biladi. Bundan tashqari, 78 foiz amerikaliklar Pekinni butun dunyo bo‘ylab COVID-19 tarqalishida aybdor, deb hisoblaydi. Qo‘shma Shtatlarning o‘zida deyarli 17 millionga yaqin odam koronavirus yuqtirib, 308 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, bir narsani aniq aytish mumkinki, Bayden AQSHni qabul qilib olgach, o‘zi bir necha o‘n yillar ilgari qo‘llab yuborgan Xitoy bilan munosabatlari har tomonlama eng yuqori darajaga yetadi va dunyo ular o‘rtasidagi intrigani katta qiziqish bilan kuzatadi.
LiveBarchasi