Xitoy AQSH bilan diplomatik aloqalarni tiklamoqchi emas – Politico
Olam
−
05 aprel 2023
8856Rasmiy Pekin Vashington bilan diplomatik aloqalarni qayta jonlantirish kayfiyatida emas. Shuning uchun ham AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga tashrifining yangi sanasini belgilash masalasi haligacha ochiq qolmoqda. Bu haqda “Politico” gazetasi manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Blinkenning fevral oyida Xitoyga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilinganidan beri yuqori darajadagi muzokaralarni qayta boshlashga harakat qilmoqda. Vashington ushbu safar va AQSHning boshqa yuqori martabali amaldorlari tashrifi uchun yangi sana belgilamoqchi, shuningdek, Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida telefon suhbatini tashkil qilmoqchi. Biroq Pekin Vashingtonning barcha sa’y-harakatlarini rad etmoqda.
Manbaga ko‘ra, Xitoyning Qo‘shma Shtatlar bilan to‘liq hamkorlik qilishga tayyor bo‘lishi bugun, 5 aprel kuni Kaliforniyada AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti va Tayvan ma’muriyati vakili Say Ingven o‘rtasidagi uchrashuv qanday o‘tkazilishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Xitoyning doimiy yuqori darajadagi aloqalarni saqlab qolishni istamasligiga ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi oylarda yanada yomonlashgan o‘ta keskin munosabatlar sabab bo‘lmoqda. Ikki tomonlama murakkablashib borayotgan munosabatlarni normallashtirish istagi hozir Vashingtonning bir tomonlama urinishlariga aylanib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi oxirida AQSH osmonida Xitoyga tegishli “josus havo shari” aniqlangach, Blinken Xitoyga tashrifini noma’lum muddatga ortga surgandi. 4 fevral kuni esa Xitoy shari AQSH havo hududida raketa bilan urib tushirilgandi. Vashington ma’muriyati mazkur qurilma yordamida Xitoy muhim ma’lumotlarni to‘plaganini ta’kidlagandi. Pekin esa AQSH tomonidan qilingan hujum va tuhmatlarga qarshi norozilik bildirgandi.