XDP Bosh prokuraturadan qiynoqlar va tazyiqlar o‘tkazgan tergovchilarning shaxsini ochiqlashni talab qilyapti
Jamiyat
−
28 fevral 2020
11899O‘zbekistonda sudgacha bo‘lgan tergovlarda qiynoqlar va tazyiqlar bo‘lib kelgan va mamlakat rahbari buni bir necha bor tanqid ham qilib, tergov hibsxonalarini ovoz va videoyozuv moslamalari bilan jihozlash, yagona tergov organini tuzish bo‘yicha takliflarni o‘rtaga tashlagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon tinimsiz ravishda prokuratura organlari faoliyatini tanqid qilib, ular odamlar ishonchini oqlamayotgani, poraxo‘rlikning o‘chog‘i bo‘lib qolganini bot-bot takrorladi. Bu orada uch sobiq prokuror hibslanishiga qaramay, vaziyat u qadar katta burilishga yuz tutgani yo‘q. Buni kuni kecha QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (+18)” nomli maqola va film ham isbotlab turibdi. Unda 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi jinoyat-protsessual qonunchiligiga zid ravishda o‘tkazilgani yoritilgandi.
Mazkur film, unda aytilgan fikrlar, oddiy odamlarning adolat talab qilayotgani bugun jamoatchilik, siyosatchilar va parlament a’zolari diqqat markazida turibdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu film va maqola yuzasidan o‘ta keskin bayonot bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:
“Inson huquqlari, qadr-qimmati va sha’nini hurmat qilish demokratik islohotlar tabiiy rivojlanish yo‘liga chiqishida eng dolzarb vazifalardan biridir.
Lekin, afsuski, bu vazifani bajarishi zarur bo‘lgan huquq-tartibot organlari tizimida muammolar hali hamon saqlanib qolmoqda. “QALAMPIR.UZ” saytida e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (+18)” nomli maqola va filmda bayon qilingan voqealar hammamizni bu haqda yana bir bor chuqur o‘ylab ko‘rishga undadi.
Bosh prokuratura tomonidan 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi jinoyat-protsessual qonunchiligiga zid ravishda o‘tkazilganligi, tergovda ishtirok etganlar asossiz qamoqqa olinib, ularga va yaqinlariga Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar bo‘lgani, qiynoqqa solinganliklari bilan bog‘liq voqealar bo‘yicha katta mas’uliyat bilan qonuniy baho berilishini keng jamoatchilik kutyapti. Bosh prokuratura tekshirish natijalari bo‘yicha batafsil axborotni qisqa muddatlarda tarqatishi shart. Muddat cho‘zilishi jamoatchilikda savollar va shubhalar ko‘payishiga olib kelishi mumkin”.
XDP bayonotining eng kulminatsion nuqtasida Bosh prokuratura tergovchilari haqida so‘z boradi. Partiya bu tergovchilar hozir qayerdaligi va yana qanday tergovlarga bosh-qosh bo‘lganiga oid haqli savolni o‘rtaga tashlaydi:
“Filmda ism-familiyasi aytilgan, Bosh prokuratura tergovchilari ekani ta’kidlanayotgan xodimlar hozir qayerda? Ular faoliyati davomida yana qanday ishlar bo‘yicha qanaqa tergov harakatlarini amalga oshirgan?.. Bu kabi savollarga javoblar aniq bo‘lishi muhim. Umuman, odamlarni dahshatli qiynoqlarga solgani aytilayotgan xodimlarning shaxsi ochiqlanishi, aybdorlar jamoatchilikka ko‘rsatilishi shart.
Tashkilotning obro‘sini saqlash, o‘z xodimlarini himoya qilish istagi inson sha’ni, hayoti daxlsizligi bilan bog‘liq holatlarda butunlay chetga surilishi kerak. Aybdorlar eshik ortida qoldiriladigan zamon yonimizda emas, ortimizda ekaniga odamlarni ishontirish uchun bunga avval o‘zimiz chin dildan ishona olishimiz o‘ta muhim”.
Partiya keskin e’tirozlar bildirishda davom etarkan, Bosh prokuratura rasmiylarini bu voqealarga “kechagi holat” degan iddao bilan, vaziyatni yengillashtirishga urinmaslikka chaqiradi.
“Umid qilamizki, Bosh prokuratura filmda bayon etilgan qiynoqlarga “o‘sha vaqtdagi xatolar” sifatida yondashmaydi. Bu voqea butun prokuratura xodimlari faoliyatini chuqur tanqidiy tahlildan o‘tkazish zarurligiga jiddiy belgi sifatida qabul qilinishi eng to‘g‘ri qaror bo‘lardi”, deyiladi partiya bayonoti so‘nggida.
Eslatib o‘tamiz, maxsus film va maqoladi Bosh prokuratura tomonidan 2017 yilda “Bekobod metallurgiya kombinati” (O‘zmetkombinat) AJga oid jinoyat ishi tergovi jinoyat-protsessual qonunchiligiga zid ravishda o‘tkazilganligi, tergovda ishtirok etganlar asossiz qamoqqa olinib, ularga va yaqinlariga Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilib, qiynoqqa solingani yoritilgan.
Shu bilan birga, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani ma’lum qilingandi. Hozirda bu ish bo‘yicha Bosh prokuratura tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Avvalroq, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘z munosabatini bildirgan edi. Unda partiya alohida Tergov organi tuzish talabi bilan chiqdi. Shuningdek, deputatlar Xurshid Do‘stmuhammad, Safar Ostonov va Rasul Kusherboyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ga mazkur holat bo‘yicha bir qator e’tirozlarni bildirdilar.
Ushbu filmni quyidagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi