Xayriya yig‘ish tartibini buzganlar jarimaga tortilishi mumkin

Jamiyat

image
Xayriya faoliyati bundan buyon qanday tashkil etilishi bo‘yicha tushuntirish berildi north_east

Xayriya faoliyati bundan buyon qanday tashkil etilishi bo‘yicha tushuntirish berildi

Endilikda O‘zbekistonda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzganlar jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda kecha, 26 fevral kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 239 prim 2-moddasi (homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish) bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 million 125 ming so‘mdan 1 million 875 ming so‘mgacha), mansabdorlarga esa 5 baravaridan 7  baravarigacha (1 million 875 ming so‘mdan 2 million 625 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yig‘ish, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartiblari shuningdek, homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish va bu jarayonning ochiqligini ta’minlash shartlari ham belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartibini buzish, basharti ushbu kodeksning 188 prim 3-moddasida (tilanchilik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmasa, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Homiylik tashkilotining o‘z ta’minoti (shu jumladan faoliyati bilan bog‘liq barcha xarajatlari) uchun moliya yilida o‘zi sarflaydigan moliyaviy mablag‘larni qonunchilikda belgilangan miqdordan oshirib yuborilishi, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olish, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda ularga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi.

Muhokamaning yakunlanish sanasi 7 mart qilib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Xayriya homiylik xayriya qutisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing