Endi davlat kompaniyalari Prezident ruxsatisiz homiylik bilan shug‘ullanmaydi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda davlat kompaniyalari Prezident ruxsatisiz homiylik bilan shug‘ullana olmaydi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 18 noyabr kuni imzolangan “Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishida keltirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur farmoyishni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad etib 2026 yilda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan davlat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan.

Hujjatning 9-bandiga ko‘ra, davlat korxonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatadi.

Shuningdek, 2026 yil 1 martdan boshlab “UzAssets” AJ boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarida:

  • Buxgalteriya hisobini yuritish axborot tizimida moliyaviy rejalashtirish, xaridlar, shartnomalar ijrosi, g‘aznachilik to‘lovlari, savdo operatsiyalari va komplayens nazorat qilish imkoniyatini beradigan “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi joriy etiladi. Bunda “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi orqali mazkur korxona va ularning tizimidagi korxonalarning barcha daromad va xarajatlari markazlashgan holda amalga oshiriladi;
  • ishlab chiqarish va moliyaviy oqimlar, tannarx, investitsiya va kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn tahlil qilish hamda biznes-reja ijrosini nazorat qilish imkonini beruvchi “Moliyaviy model” elektron dasturi ishga tushiriladi;
  • umumiy xizmat ko‘rsatish markazlari (Shared Service Centers) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali yordamchi xizmatlar va funksiyalar (xaridlar, kadrlar, buxgalteriya, axborot texnologiyalari, yuridik xizmatlar) markazlashtiriladi;
  • biznes jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, xarid operatorlari, davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari, elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtiruvchi operatorlar, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari va boshqa tashkilotlar axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilishga ruxsat beriladi.

Ma’lumot uchun, UzAssets portfelida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyuran”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat”, “O‘zneftegaz”, O‘zbekko‘mir, UzAuto Motors, “O‘zkimyosanoat”, “Navoiyazot”, “O‘zbekgidroenergo”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz”, UzGasTrade, “Hududgazta’minot”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zbekiston pochtasi”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, “Toshshahartransxizmat”, “O‘zbektelekom” AK va 9 ta davlat banki mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

homiylik davlat kompaniyalari UzAssets

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing