Davlat idoralariga olgan sovg‘alarini ochiqlash majburiy bo‘lishi mumkin
Jamiyat
−
17:33 626 2 daqiqa
O‘zbekistonda davlat idoralariga sovg‘alar va homiylik bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiqlash majburiy bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 16 iyundagi PF–6247-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat bilan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, har oyda Qoraqalpog‘iston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan shaharsozlik faoliyati ob’ektlarini qurish uchun loyihaoldi va loyiha hujjatlarini kelishish natijalarini ochiqlash lozim.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlashga berilgan ruxsatnomalar hamda qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ochiq bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, har chorakda davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan xizmat safarlari doirasida qabul qilingan sovg‘alar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (qonunchilikka muvofiq o‘z xohishi va ixtiyoriga ko‘ra tasarruf etilishi belgilangan sovg‘alar bundan mustasno) omma uchun ochiq bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan homiylik xayriyalari tariqasida olingan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga (mol-mulk, ish va xizmatlar hamda boshqa shaklda qo‘llab quvvatlash) ham shunday talab qo‘yiladi.
Shu qatorda alohida tartibda, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan homiylik xayriya yordami sifatida ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borilish shart etib belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, davlat fuqarolik xizmatchilariga xorijiy xizmat safarlari va xalqaro tadbirlarda sovg‘alar qabul qilishga ruxsat berilgan, biroq ularning qiymati BHMning 4 baravaridan (1 mln 648 ming so‘m) kam bo‘lishi kerak.
Yuqoridagi farmon loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 18 iyunga qadar davom etadi.
Live
Barchasi