Davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi
Jamiyat
−
28 iyul 2863 3 daqiqa
O‘zbekistonda davlat organi yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi. Bu haqda kecha, 27 iyul kuni e’lon qilingan “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Hujjat qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 19 avgustda qabul qilingan bo‘lib, Senat tomonidan 2026 yil 7 aprelda ma’qullangan.
23 moddadan iborat mazkur qonun davlat organlari, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari hamda mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunga muvofiq, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida zararni qoplashga oid boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma normalari qo‘llaniladi.
Hujjatda zararni qoplash sohasidagi asosiy prinsiplar sifatida qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik belgilangan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy maqsadli kompensatsiya jamg‘armalari tashkil etiladi.
Qonunga ko‘ra, zarar miqdori sud qarori asosida belgilanadi. Sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va yoki ma’naviy zarar dastlab hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pul shaklida qoplanadi.
Agar zarar yetkazilishida muayyan shaxs aybdor deb topilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘lar keyinchalik davlat organi orqali regress tartibida aybdor shaxsdan undiriladi. Bunda zarar hududiy kompensatsiya jamg‘armasi tomonidan qoplanguniga qadar aybdor shaxs uni ixtiyoriy ravishda to‘lab bergan holatlar bundan mustasno hisoblanadi.
Qonunga muvofiq, zarar kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplanganidan so‘ng va regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs ishlayotgan yoki avval ishlagan davlat organiga talabnoma yuboradi.
Talabnomani olgan davlat organi uch ish kuni ichida mablag‘ni o‘zining byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan tegishli kompensatsiya jamg‘armasiga to‘liq o‘tkazishi hamda keyinchalik ushbu mablag‘ni aybdor shaxsdan regress tartibida undirish choralarini ko‘rishi shart.
Agar davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, u xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritib, belgilangan muddatda mablag‘ni o‘tkazib beradi. Aybdor shaxs mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarmagan taqdirda, davlat organi uni sud tartibida undiradi.
Qonunda davlat organi yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ham belgilangan.
Shu bilan birga, mazkur qonun ayrim holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Xususan, Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari, harbiy xizmatchilarning g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zarar, davlat notarial idoralari notariuslari faoliyati oqibatida yuzaga kelgan zarar, terrorizmga qarshi operatsiyalar, favqulodda vaziyatlar hamda favqulodda holatlar munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash, shuningdek, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga olib qo‘yish bilan bog‘liq munosabatlar alohida qonunlar bilan tartibga solinadi.