Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi
Jamiyat
−
20 iyun 2025 2434 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi asosiy yo‘nalishlardagi erishilgan natijalar bo‘yicha Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi:
- davlat organlarining inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish samaradorligi;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tezkorligi va sifati;
- davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi;
- davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi;
- davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining raqamlashtirilganlik darajasi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ular o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligi;
- normativ-huquqiy hujjatlar bilan joriy etilgan hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa reytinglar.
Reyting natijalariga ko‘ra quyi pog‘onadagi davlat idoralarining ish usullarini o‘zgartirish, boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish (BPR-reinjiniring) choralari amalga oshiriladi hamda Hukumat majlislarida rahbarlar faoliyatiga baho berib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur farmon bilan endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilishi hamda respublika darajasidagi tashkilot rahbarlari ham Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali tanlanishi xabar qilingandi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlari natijasi elektron tizimda baholanishi hamda ularning tana vazni o‘lchab borilishi va bu haqdagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylanishi belgilandi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar