Koreyada Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyevaga maxsus sovg‘alar berildi
Jamiyat
−
14:28 1542 2 daqiqa
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon “Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya” sammiti munosabati bilan mamlakatga davlat tashrifi bilan borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qizil jenshen mahsulotlarini tortiq etdi. Bu haqda “SBS News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Koreya Prezidenti Administratsiyasi joriy yilning 14 sentyabr kuni tarqatilgan matbuot relizida “Prezident Li Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq va farovonlik tilagi sifatida Janubiy Koreyaning yetakchi premium-klass sog‘lomlashtirish mahsuloti bo‘lmish qizil jenshen tortiq etayotganini” ma’lum qilgan.
Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva uchun esa “uning doimiy qiziqishlarini inobatga olgan holda” koreys an’anaviy nafosatini ifodalashda kumushdan foydalanilgan oq chinni buyum sovg‘a qilingan.
Bundan tashqari, Koreya Prezidenti Administratsiyasi Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi dasturiga O‘zbekiston madaniyatini aks ettiruvchi hamda Janubiy Koreyaning mehmondo‘stligi va ikki tomonlama ahil munosabatlarini namoyish etuvchi ko‘plab “maxsus ehtirom” elementlari kiritilganini e’lon qilgan.
So‘ldagi Lotte World Tower media-fasadida Janubiy Koreya va O‘zbekiston davlat bayroqlari aks ettiriladi, Seul Hukumat majmuasining tashqi elektron tablosida esa samimiy mehmondo‘stlik ifodasi sifatida koreys va o‘zbek tillaridagi qutlov xabarlari namoyish etilgan.
Peshindan so‘ng bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimida Prezident Administratsiyasiga kirish lahzasidan boshlab 70 ga yaqin an’anaviy faxriy qorovul va harbiy orkestr a’zolari kuzatib borgan, marshrut bo‘ylab esa uchta qo‘shin turidan iborat faxriy qorovulni o‘z ichiga olgan 280 ga yaqin shaxsiy tarkib saf tortgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevni kutib olish uchun 30 ga yaqin bolalardan iborat delegatsiya, jumladan, O‘zbekistondan 10 nafar bola chiqqan.
Ikki mamlakatning turli sohalaridan 50 ga yaqin vakillari ishtirok etgan davlat qabul marosimida (banketda) Shavkat Mirziyoyev hamda ikki xalqning taomlanish madaniyati va mahsulotlari o‘rtasidagi tabiiy uyg‘unlikni hisobga olgan holda koreys milliy taomlari tortiq etilgan. Xususan, menyudan dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan salatlar, go‘sht (Xanvu moli va marinadlangan qo‘y qovurg‘asi) hamda Icheon guruchidan tayyorlangan asosiy taomlar o‘rin olgan. Desert sifatida esa xurmodan tayyorlangan shirinliklar va an’anaviy ichimliklar tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan 13-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
Live
Barchasi