Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga to‘pponcha sovg‘a qildi
Olam
−
11:40 1727 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada bo‘lib o‘tgan NATOning 36-sammiti yakunida alyans yetakchilariga ularning ismi o‘yib yozilgan maxsus ishlab chiqarilgan to‘pponcha hamda bir quti o‘q-dorini sovg‘a qildi. Bu haqda “Haber7” xabar berdi.
Erdo‘g‘an Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta hamda qator Yevropa davlatlari rahbarlariga ham ushbu sovg‘alarni topshirgan.
Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshtaning unga sovg‘a qilingan to‘pponchasini xavfsizlik xizmati tekshirish uchun olib qo‘ygan. Yevropalik amaldorlarning aytishicha, ushbu qurol Belgiyada amal qiladigan qat’iy qurol qonunchiligi talablariga mos kelmaydi. Shu sababli Koshta va Ursula fon der Lyayen uni shaxsan o‘zida saqlashi kutilmayapti.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa mamlakatdagi qurol importiga oid qonunchilik sababli o‘ziga sovg‘a qilingan to‘pponchani Buyuk Britaniyaga olib ketmagan. Qurol xavfsizlik maqsadida jangovar holatdan chiqarilishi uchun Buyuk Britaniyaning Anqaradagi elchixonasida qoldirilgan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an yetakchilarga sovg‘a qilingan qurollarni o‘z mamlakatlariga olib chiqishlari uchun zarur eksport hujjatlarini ham topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO sammiti doirasida Rajab Toyib Erdo‘g‘an Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuvda Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonidagi qolgan to‘siqlarni bartaraf etish masalasini muhokama qilishga umid qilayotganini bildirgan edi.
Live
Barchasi