Homiylik xayriyalari yordami birinchi kimlarga yetkaziladi?
Jamiyat
−
02 avgust 2020
8699O‘zbekistonda karantin choralari qat’iylashtirilishi ortidan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi ham qayta ish boshladi.
Bugun, 2 avgust kuni Yoshlar ishlari agentligi Matbuot kotibi Nodir Abduqodirov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda xayriyalar birinchi navbatda kimlarga tarqatilishi haqida ma’lumot berdi.
Homiylik yordamlari eng avvalo quyidagilarga yetkaziladi:
• ta’minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali oilalar;
• ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan oilalar;
• ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;
• ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
• 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
• ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
• mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lgan, biroq ular hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan (mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo‘qotib qaytganlar, taksi haydovchisi, kafe, restoran ishchisi va h.k) va zarur yordamga muhtoj oilalar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan karantin vaqtida yordam muhtoj odamlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 400 ming oilaning 1,7 million a’zosiga 380 mlrd so‘m tarqatish belgilangan.
LiveBarchasi