Messi yong‘indan jabrlangan hududga 80 ming yevro xayriya qildi
Sport
−
10:12 200 2 daqiqa
“Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi Ispaniyaning Serra-Oeste-de-Madrid hududini tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 80 ming yevro xayriya qildi. Bu haqda Madrid hamjamiyati prezidenti Isabel Dias Ayuso ma’lum qildi.
“Leo Messi Serra-Oeste-de-Madridni tiklash uchun 80 ming yevro xayriya qildi.
Unga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Shuningdek, Madrid xalqi uning kelishini intiqlik bilan kutayotgani va munosib tarzda qarshi olishga tayyorligini ta’kidlamoqchiman”, deb yozdi Isabel Dias Ayuso ijtimoiy tarmoqda.
Messining xayriya mablag‘lari yong‘indan eng ko‘p zarar ko‘rgan munitsipalitetlardagi tiklash ishlariga yo‘naltiriladi. Madrid mintaqaviy hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining vakillari moliyaviy yordamni qanday tartibda amalga oshirish mumkinligini bilish uchun hukumat bilan bog‘langan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 100 ta uy butunlay vayron bo‘lgan, 300 dan ortiq uy esa turli darajada zarar ko‘rgan.
Madrid hamjamiyati joriy yilning 29 iyul kuni jabrlangan hududlarni tiklash uchun xayriya jamg‘armasini tashkil etgan bo‘lib, hozirga qadar qariyb 200 ming yevro mablag‘ yig‘ilgan.
Madrid favqulodda xizmatlarining ma’lum qilishicha, Serra-Oeste hududidagi o‘rmon yong‘ini to‘liq nazoratga olingan va hozirda uni to‘liq bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Madrid viloyatidagi 17 ta munitsipalitetga ta’sir ko‘rsatgan. Oqibatda 55 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan yoki xavfsiz hududlarda qolishga majbur bo‘lgan.
Mintaqaviy hukumatning dastlabki bahosiga ko‘ra, yong‘in 27 ming gektardan ortiq maydonni zararlagan bo‘lib, bu Madrid viloyatida so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilgan eng yirik o‘rmon yong‘inlaridan biri hisoblanadi.
Live
Barchasi