Xavotirli vaziyat: AQSH amerikaliklarni Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi 

Olam

image

AQSHning Minskdagi elchixonasi amerikaliklarni Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti saytida xabar berilgan.  

“Qonunlarning o‘zboshimchalik bilan bajarilishi, hibsga olish xavfi, Belarusning Ukraina bilan chegarasi bo‘ylab Rossiya armiyasining g‘ayrioddiy va xavotirli to‘planishi, COVID-19 va unga tegishli kirish cheklovlari tufayli Belarusga kirmang. Belarusdagi AQSH fuqarolari darhol tijorat yoki shaxsiy vositalarda mamlakatni tark etishi kerak”, deyilgan xabarda. 

Bundan tashqari, Davlat departamenti Moldova hududiga kirmaslikni tavsiya qilgan va AQSH fuqarolarini Dnestrni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, tobora taranglashib borayotgan Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi geosiyosiy vaziyat ortidan ko‘plab Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘z fuqarolariga Ukraiani zudlik bilan tark etishni buyurmoqda. 

Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.    

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Belarus'

Baholaganlar

289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing