Xavotirli qaror: O‘zbekistondagi OTMlarda koronavirusga qarshi choralar kuchaytarildi, chet elga chiqishga taqiq bor
Jamiyat
−
04 mart 2020
14728Koronavirus xavfi sabab O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida profilaktik chora va nazorat kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasinining kirib kelishi oldini olish borasida oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida profilaktik chora va nazoratni kuchaytirishga, tegishli sanitariya tadbirlarini amalga oshirish orqali murabbiy va talaba-o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus kasb - hunar ta’lim vazirligi bilan ham qo‘shma qaror qabul qilgan.
Unga ko‘ra, o‘qituvchi va talabalarni o‘qish, malaka oshirish va tajriba almashuvi bo‘yicha alohida ko‘rsatma bo‘lmaguncha xorijga, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlarga chiqishlarini chegaralash, barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham o‘tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik hamda O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik talaba va o‘qituvchilarning vaqtinchalik kirishini chegaralash choralarini qat’iy ko‘rish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan ta’lim muassasalarida talabalarning har kunlik tana haroratini o‘lchash, kunlik kuzatuvlarni olib borish, o‘tkir respirator infeksiya kasalligi belgilari aniqlanganlarni tibbiy punktga olib borish, talaba va o‘quvchilarning shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishlarini muntazam nazorat qilish, auditoriyalar, talabalar turar joylari va boshqa xonalarda kunlik dezinfeksiya tadbirlarini muntazam o‘tkazish, tanaffus vaqtlarida barcha xonalarni shamollatish kabi profilaktik tadbirlarni qat’iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish uchun sharoit yaratish, talaba va o‘quvchilarga qo‘llarini kuniga bir necha marotaba sovunlab yuvishini tavsiya qilish, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha tayyorlangan tarqatma materiallarni barcha talabalarga yetkazish kabi vazifalar ham aks etgan. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir ta’lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
“Shu o‘rinda, Sog‘liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiya tez sur’atda o‘sib borayotganligini hisobga olib, O‘zbekistondagi barcha oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari mas’ullaridan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarga qat’iy rioya qilib, uni nazorat qilishlarini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun avval mamlakatdagi 10 mingga yaqin maktablarda sanitariya choralari kuchaytirilgan edi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 79 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt, Ummon, Braziliya, Xorvatiya, Shveysariya, Avstriya, Jazoir, Gruziya, Gretsiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Norvegiya, Irlandiya, Estoniya, Dominikan Respublikasi, Belarus, Nigeriya, Yangi Zelandiya, Monako, Lyuksemburg, Litva, Qatar, Islandiya, Chexiya, Ozarbayjon, Daniya, Meksika, Ekvador, San Marino, Niderlandiya, Lixtenshteyn, Chili, Argentina, Ukraina, Tunis, Saudiya Arabistoni, Marokash, Latviya, Iordaniya, Armaniston, Andorra, Senegal, Indoneziya va Ruminiyada aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Ayni vaqtda koronavirus bilan og‘riganlar dunyo miqyosida 93553 kishini tashkil etmoqda. Virus sabab qurbon bo‘lganlar soni esa 3204 taga yetdi, 50871 kishi esa ushbu virusdan davolanishga muvaffaq bo‘ldi.