Isroilning Livanga zarbasida jurnalistlar halok bo‘ldi
Olam
−
25 Oktabr
2013Isroilning Livan janubi-sharqidagi muxbirlar yashaydigan binoga qilingan navbatdagi havo hujumida uch jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bugun, 25 oktyabr kuni Isroilning Livan janubidagi Hasbayyada ommaviy axborot vositalari vakillari foydalanadigan mehmonxonaga havo hujumi amalga oshirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida uch jurnalist halok bo‘lgan. Guvohlarning xabar berishicha, zarba to‘g‘ridan to‘g‘ri jurnalistlar joylashgan maxsus uylarga qaratilgan. Halok bo‘lganlar orasida operator Gassan Najjar, “Al-Mayadeen” axborot agentligining xodimi Muhammad Reda, shuningdek, “Hizbulloh” bilan bog‘liq “Al-Manar” telekanalida ishlagan operator Vissam Kassem ham bor.
“Bu oldindan rejalashtirilgan qotillik bo‘lib, undan oldin kuzatuv olib borilgan, chunki u yerda yetti ommaviy axborot vositasi vakili, 18 jurnalist bor edi. Bu urush jinoyati”, degan Respublika axborot vaziri vazifasini bajaruvchi Ziyod Makariy.
Shuningdek, u o‘ldirilgan jurnalistlar so‘nggi oylarda mojaroni yoritgani va Isroilning “jinoyatlarini fosh qilganini” qo‘shimcha qildi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi portlashda yana uch kishi jarohat olganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Isroilning Livandagi oldingi zarbalarida besh muxbir o‘ldirilgan edi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Isroil ushbu hududda urush boshlaganidan beri G‘azoda kamida 177 falastinlik jurnalist va OAV xodimi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil askarlarining eksklavga hujumi chog‘ida “Aksa” telekanali operatori Ayman Muhammad Ruveyshid halok bo‘lgandi. https://qalampir.uz/news/gazoda-yana-bir-oav-khodimi-halok-buldi-108331 Avvalroq esa Isroil armiyasining G‘azo sektori g‘arbida joylashgan Ash-Shati qochqinlar lageridagi mashinaga qilingan hujumi oqibatida jurnalist va operator halok bo‘lgan edi.
Muhammad Hodiyev