Kelishilgan o‘yinlar, jinoiy javobgarlik va namanganliklarning e’tirozi haqida Ravshan Ermatov bilan suhbat
Intervyu
−
03 mart 2020
25565Kelishilgan o‘yinlar, jinoiy javobgarlik va namanganliklarning e’tirozi haqida Ravshan Ermatov bilan suhbat
Joriy yilning 27 fevral kuni O‘zbekiston superligasiga start berildi. Bu yilgi chempionatni Toshkentning “Paxtakor” va Namanganning “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlab berdi.
Turning markaziy uchrashuvi bo‘lgan “Paxtakor” - “Navbahor” (2:1) uchrashuvidan so‘ng, “Navbahor” jamoasi muxlislari o‘yinni boshqarib borgan Ilgiz Tantashevdan norozi ekanliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishdi. Bundan tashqari ular O‘FA va O‘zPFL manzili tomon murojaatlar yo‘llashdi. Ushbu holat yuzasidan QALAMPIR.UZ FIFA referisi va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan suhbatlashdi.
— Superliga 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Namanganlik futbol muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirdi. Bunga qanday munosabatdasiz?
— Dunyo futbolida muxlislar o‘zlarining sevimli jamoalarini qo‘llab-quvvatlashadi. Ular har doim o‘z jamoasi tarafini oladi. Lekin, mutaxassis har qanday sharoitda sovuqqonlik bilan, ehtirosga berilmasdan, xolis fikrlashi kerak. Kecha O‘FA majlislar zalida hakamlar uchun seminar bo‘lib o‘tdi. Unda OAV vakillari ham ishtirok etishdi. Biz bunday yig‘ilishlarni yopiq eshiklar ortida o‘tkazmaymiz. Endi hammasi ochiqchasiga bo‘ladi. Superliganing har bir turidan so‘ng taxliliy yondashib, o‘yinlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilib, keyingi tur uchrashuvlarida mana shunday xatolar qaytarilmasligi uchun ochiq muloqot qilyapmiz.
Bunday yig‘ilishlar avvallari bo‘lmasdi. Bo‘lgan bo‘lsa ham yopiq eshiklar ortida o‘tardi. Avvallari OAV vakillari hakamlar yig‘ilishiga yaqinlashtirilmagan. Hozir vaziyat umuman boshqacha. Bizning hech kimdan berkitadigan narsamiz yo‘q. Avvalam bor OAV vakillariga minnatdorlik bildiraman. Sababi, bunday yig‘ilishlarga qiziqish katta ekanligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman va OAV vakillarining futbol qonun-qoidalarini bilishga bo‘lgan qiziqishi borligidan hursandman.
Oldin hakamlar xato qilsa ham tan olinmagan yoki yo‘l qo‘yilgan xatolarga ko‘z yumilgan. Endi unday emas. Kim xato qilgan bo‘lsa, ochiq-oydin tan olinyapti. Xato-kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun harakat qilyapmiz. FIFA instruktori hakamlarning yo‘l qo‘ygan xatolarini ko‘rsatib bermoqda. Bunday tahliliy yondashish yaqin kelajakda hakamlarning saviyasi oshib borishiga turtki beradi.
Biz yillar mobaynida hakamlarning saviyasini va bilimini oshirish uchun jiddiy e’tibor qaratmadik. Endi esa, bu yo‘nalishga jiddiy qaraymiz va yaqin orada hakamlar maktabini ochamiz. Angliya, Italiya, Ispaniya chempionatlariga o‘xshab bizda ham VAR (video assistant referee) tizimi bo‘lishini istardik. Ayni damda ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz. Buning uchun stadiondagi barcha narsa talabga javob berishi kerak. To‘g‘ri, bizda bu borada ko‘plab kamchiliklar bor. Ularni bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Ikkinchi davraga qadar VAR tizimini oflayn rejimida joriy qilishga harakat qilamiz. Chunki, FIFAning o‘z talablari bor. VAR tizimida ishlaydigan yordamchi hakamlarning majburiy o‘qish jarayoni bor. Buning barchasiga vaqt kerak. O‘ylaymanki, 6 oy ichida biz ushbu tizimga tayyor bo‘lamiz.
— Aytib o‘tganingizdek, ikkinchi davradan VAR tizimi oflayn rejimda ishlaydi. VAR tizimi onlayn rejimda qachondan ishlaydi?
— Kelasi mavsumdan VAR tizimi onlayn rejimda ishlaydi. Buning uchun bizda imkoniyat bo‘ladi. Buning uchun bizga FIFAning ruxsati kerak. Fifadan mutaxassis O‘zbekistonga kelib, bu yerdagi barcha stadionlar talabga javob berishini ma’lum qilganidan so‘ng, ushbu tizimdan onlayn tarzda foydalanishga ruxsat beriladi.
— Yana o‘sha savolga qaytaman: “Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvidan so‘ng, namanganlik futbol muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda o‘yinni boshqarib borgan Ilgiz Tantashevdan norozi ekanliklarini va bu vaziyat uchun O‘FA shaffoflik bilan ish ko‘rishini ma’lum qilgan. Ularning murojaatlari o‘rganib chiqildimi?
— Biz har bir murojaatni o‘rganib chiqdik. Muxlislarning har bir murojaatini hurmat qilamiz. Nima bo‘lganda ham ehtiros bilan emas, balki tahlil bilan yondashishimizni FIFA ham OFK ham talab qiladi. Agarda biz ham ehtirosga beriladigan bo‘lsak, xato ketidan xato qilib qo‘yishimiz mumkin. Shuning uchun ham bunday murojaatlarga kecha bo‘lib o‘tgan seminarlardan javob olish mumkin. O‘FAning hech kimdan berkitadigan joyi yo‘q.
— Shu yilning 27 fevral kuni “Paxtakor” – “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda namanganlik muxlislar sizning qo‘l telefoningizga qo‘ng‘iroq qilishganini, siz esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermay, ularning raqamlarini qora ro‘yxatga qo‘shib qo‘yganingizni ta’kidlashgan videosi tarqaldi. Chindan ham ular sizga qo‘ng‘iroq qilishdimi?
— So‘ngi paytlarda qo‘l telefonimdan foydalanishga vaqtim bo‘lmayapti. Shu kunlarda ish bilan juda bandman. Qo‘ng‘iroqlarga javob berishga doim ham vaqt bo‘lavermaydi. Kecha bir guruh namanganlik futbol muxlislarini qabul qildik. Ular bilan 1 soatdan oshiq vaqt mobaynida suhbatlashdik. Eshigimiz barcha uchun ochiq. Kimning qanday savoli bo‘lsa, marhamat, kelib o‘zini qiziqtirgan savoliga javob olib ketishi mumkin.
Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hamma xato qiladi. Vaziyatni to‘g‘ri baholay olmasdan, uchrashuvni boshqarib borayotgan hakam adashib xato qilishi mumkin. Ish bor joyda – kamchilik bo‘ladi. Hech kim xato qilishdan kafolatlanmagan. Futbol xatolar o‘yini. Eng muhimi hech kim ataylab xato qilmasligi kerak.
Dushanbe meri Rustam Imomali bilan
— Muxlislarni stadionga qaytarish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
— Muxlislarni stadionga qaytarish uchun klublarga xalqaro standardlardan kelib chiqib, ularga turli xil talablarni qo‘yyapmiz. Stadionda barcha qulayliklar yaratilib, futbol uchrashuvlari chiroyli bo‘lsa, muxlislar stadionga tashrif buyurishadi. Kimdir oilasi, yana kimdir rafiqasi bilan stadionga keladi. Muxlislarni futbol uchrashuvlariga jalb qilish uchun avval ularga stadionlarda sharoit qilib berish kerak. Muxlislarning ehtiyojini qondiradigan bunday talablar bir kunda bo‘lib qolmaydi. Shuncha yildan beri qo‘yilgan talablar amalga oshmadi. 30 yilda amalga oshmagan talab 4-5 oyda qanaqa qilib amalga oshishi mumkin? Birinchi navbatda futbolning sifati yuqori bo‘lishi kerak. Shundagina muxlislar stadionga oqib kelishadi.
— Kelishilgan o‘yinlar-chi? Ular bilan qanday kurashyapsiz?
— Kelishilgan o‘yinlarga qarshi maxsus inspeksiya va tegishli organ xodimlari bilan ish olib borilmoqda. Agar kimdir kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa yoki bunday ishlarni tashkil qilsa, buni tezlik bilan aniqlashadi va umrbod futboldan chetlatiladi. Futbolda faoliyat yuritaman desa, shaffoflik bilan, adolat bilan va albatta, halollik bilan yondashish kerak. Hech qachon g‘ururni sotib olib bo‘lmaydi. Agarda futbolni ichidagi barcha futbolchilar, mutaxassislar, hakamlar va murabbiylar vijdonan ish qilsa, futbolimiz faqat o‘sishga erishadi.
— Kelishilgan o‘yinlarga qarshi maxsus inspeksiya ishlayotganini ta’kidlab o‘tdingiz. Ular kimlar?
— Bu yopiq ma’lumot. Ushbu inspeksiyada kimlar ish olib borayotganini ayta olmaymiz. Barcha klublar va futbolda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarga qarshi deklaratsiyaga qo‘l qo‘yishdi. Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish borasida taklif berdik. O‘zini, oilasini sha’nini o‘ylamasa ham qonundan qo‘rqsin. Bu qilishimiz kerak bo‘lgan asosiy ishlarimizdan biri. Ishimiz juda ham ko‘p. Halollik bo‘lmasa, futbol rivojlanmaydi.
MOQ sobiq prezidenti Umid Ahmadjonov bilan
— Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish inspeksiyasida klublar murabbiylari ham bormi?
— Albatta, murabbiylar va mutaxassislar bor. Ular orasida guruh tuzilgan. Yuqorida ta’kidlaganimdek, barchamiz bir bo‘lib bunday illatga qarshi kurash olib boryapmiz.
Ma’lumot o‘rnida, Ravshan Ermatov 3 ta jahon chempionatida ishtirok etgan va jami 11 ta o‘yinda hakamlik qilgan. U turli xalqaro musobaqalarda 300 dan ortiq o‘yinlarni boshqargan. Ermatov 2008 yildan 2011 yilga qadar Osiyoning eng yaxshi hakami nomiga sazovor bo‘lgan.
Jahongir Sotvoldiyev
LiveBarchasi