Rasman: O‘zbekistondagi 10 mingga yaqin maktabda koronavirusga qarshi choralar kuchaytirildi
Jamiyat
−
02 mart 2020
12552COVID-19 virusi tobora dunyoning har burchagiga yoyilmoqda. Albatta, O‘zbekiston ham bu virus kirib kelmasligidan kafolatlanmagan. Shu bois mamlakatdagi 9950 ga yaqin umumta’lim muassasasida sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi choralar kuchaytirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududiga koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida qator vazirlik, qo‘mita va agentliklar bilan hamkorlik qilib, ushbu muassasalar tasarrufidagi idora xodimlarini dunyodagi bugungi qaltis epidemik vaziyatdan ogoh etib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali xodimlar va o‘quvchilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida SSV va Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida qo‘shma qaror imzolandi.
Unga ko‘ra, mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalarida profilaktika choralari va nazoratini kuchaytirish, ushbu masalada ogohlikni oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, mas’ullar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, maktabga kelmagan xodim va o‘quvchilarning ahvolidan xabar olish, o‘tkir respirator kasallik belgilari aniqlangan o‘quvchilarni zudlik bilan ota-onasi va hududiy oilaviy poliklinikaga xabar berish kabi qator vazifalar aniq belgilab berilgan.
Shuningdek, ushbu hujjatda dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlar hamda sport musobaqalarini zarurat bo‘lmasa o‘tkazmaslik, ayniqsa, chet el fuqarolari va xorij davlatlarida bo‘lib kelganlarning ta’lim muassasalariga ishga, ularning farzandlarini esa vaqtincha karantin davrida o‘rta maktabga qabul qilmaslik choralarini qat’iy ko‘rish bilan bog‘liq vazifalar ham aks etgan.
Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, jumladan, ta’lim muassasalarida tozalik va dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, o‘quvchilarning qo‘llarini tez-tez sovun bilan yuvish, aksa urganda, albatta, tirsak bilan yopish va boshqa gigiyena qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, har tanaffus vaqtida sinfxonalarni shamollatish, muassasalarda kundalik tozalov ishlarida dezinfeksiya vositalaridan doimiy foydalanish choralarini ko‘rish kabi profilaktik tadbirlarni qat’iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan.
Umumta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir ta’lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiya sur’ati har soatda tez o‘sib borayotganligini hisobga olib, O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Afg‘oniston kabi qator davlatlarga parvozlar cheklanib, vaqtincha to‘xtatilganligi ayni muddao bo‘ldi, deb hisoblamoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 89769 kishi koronavirusga chalingan. Ushbu virusdan vafot etganlar 3061 nafarni, davolanganlar esa 45147 kishini tashkil etmoqda.