Navoiy yotgan zamin. Afg‘onistondagi urush qachon va nima sabab boshlangandi? (1-qism)
Tahlil
−
01 mart 2020
36874Fevral oyi dunyoning u yoki bu davlatiga koronavirus kirib borgani yoinki Idlibda Suriya va Turkiya qo‘shinlari o‘zaro zarbalar almashgani kabi xabarlar bilan kechdi. Ammo oy oxirida O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun muhim bo‘lgan voqea yuz berdi. Afg‘onistonda tinchlik yo‘lida jiddiy qadam tashlandi: AQSH va “Tolibon” o‘zaro bitim imzoladi. Bitim AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan ketish muddati ko‘rsatilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bitimga ko‘ra, AQSH 14 oy davomida Afg‘onistondagi 13 ming askarini uyiga qaytarishi kerak. Albatta, bu vaqt ichida “Tolibon” bitim shartlarini buzmasligi lozim. Amerika askarlari ketgach, Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasida muzokaralar boshlanadi. Shuningdek, AQSH va afg‘on hukumati 5 ming asirni, “Tolibon” mingga yaqin asirni joriy yilning 10 martigacha ozod qilishiga kelishildi.
Ta’kidlash kerakki, buyuk shoir, mutafakkir, olim, davlat arbobi Alisher Navoiy (Hirot) hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning (Kobul) qabri ham Afg‘onistonda joylashgan. Mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi esa o‘zbek olimlariga va istalgan fuqaroga buyuk adiblar qabrini ziyorat qilish, shu bilan birga O‘zbekiston hukumatiga uzoq urushlar natijasida talafot ko‘rgan adiblar maqbarasini ta’mirlash imkonini beradi.
Bog‘i Boburdagi Zahiriddin Muhammad Bobur qabri (Kobul)
Agar bitim shartlari to‘liq bajarilsa, AQSH tarixida eng uzoq davom etgan urush yakuniga yetadi. Afg‘onistonda esa 40 yillik bemaqsad qon to‘kishlar, notinchliklar barham topadi. Odamlar tunda xotirjam uyquga ketadigan va tongda bomba, o‘q ovozlaridan emas, odatdagidek xo‘roz qichqirishidan uyg‘onishi mumkin bo‘ladi. Tabiiyki, bu oson bo‘lmaydi. Deyarli yarim asr urush muhitida yashagan xalqdan qurolni yig‘ishtirib olish ham vaqt talab qiladi.
Alisher Navoiy maqbarasi (Hirot)
Afg‘onistonda uzoq davom etgan urush natijasida yuz minglab odamlar halok bo‘ldi, millionlab afg‘onlar qo‘shni davlatlarga qochib ketdi. Afg‘onistonda butun bir avlod yetishib chiqqan urush qanday boshlangandi? Afg‘onistondagi urushning birinchi bosqichi SSSR armiyasining mamlakatga kirish tarixiga nazar solamiz.
SSSR qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishi
1979 yil 24 dekabrda Kommunistik partiya Bosh kotibi Leonid Brejnev SSSRning 40-armiyasini Afg‘onistonga yuborish haqida buyruq berdi. Ammo urush boshlanishi uchun vaziyat 1973 yilda yetila boshlagan. O‘sha yili Afg‘onistonda shoh hokimiyati ag‘darilgan. Hokimiyat Muhammad Dovud qo‘liga o‘tgan. 1978 yilda Saur (Aprel) inqilobi natijasida davlat tepasiga Afg‘oniston Xalq-demokratik partiyasi (AXDP) ya’ni, kommunistlar kelgan. Ular davlat nomini Afg‘oniston Demokratik Respublikasi (ADR) deb o‘zgartirgan.
Mamlakatda AXDP rahbari Nur Muhammad Taraki boshchiligida sotsializm qurish yo‘lida olib borilgan islohotlar aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Hukumatning muxolifatga qarshi olib borgan keskin siyosati va repressiya norozilikni yanada kuchaytirgan. Nur Muhammad Taraki yordam so‘rab rasmiy Moskvaga murojaat qilgan. Ammo ular qo‘shin kiritishga shoshmagan. 1979 yilda Taraki Bosh qo‘mondon o‘rinbosari Xafizulla Amin buyrug‘i bilan o‘ldirilgan. Keyinroq, Amin Markaziy razvedka boshqarmasi bilan aloqada bo‘lgani aniqlangan. SSSR bilan munosabatlar yomonlashgan. 24 dekabrda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kirgan. Kobul egallanib, Amin o‘ldirilgan. Hokimiyatga SSSR tarafdori Babrak Karmal kelgan. Bu voqealar bosqinchilik, intervensiya (G‘arb OAVda) yoki Brejnev doktrinasiga ko‘ra qonuniy aralashuv deb baholandi.
SSSRga Afg‘onistonda kutilmagan qarshilik
1980 yil yanvarda Islom konferensiyasiga a’zo 34 davlat Tashqi ishlar vazirlari sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondan zudlik bilan chiqib ketishini talab qiluvchi rezolyutsyani qabul qildi. BMT SSSR intervensiyasiga norozilik sifatida rezolyutsiya (152 mamlakatdan 104 nafari rozi, 18 nafari qarshi, 18 nafari betaraf va 12 nafari ovoz berishda ishtirok etmay qolgan) qabul qildi. Rezolyutsiyani Angola, Sharqiy Germaniya, Vetnam va Hindiston kabi SSSR tarafdorlari qo‘llab-quvvatlamagan.
SSSR qo‘shinlari afg‘on yerlaridan ketmagach, afg‘on muxolifati – mujohidlar AQSH va Fors ko‘rfazining boy davlatlaridan yordam ola boshladi. Harbiy tayyorgarlik ishlari Pokiston va Xitoyda olib borildi. Sovet qo‘shinlari asosiy shaharlar va kommunikatsion tizimni egallagan bir vaqtda mujohidlar mamlakatning hukumat va SSSR nazoratidan chetda qolgan 80 foiz asosan qishloq hududida kichik guruhlarga bo‘linib, partizanlar urushini boshladi. SSSR o‘z aviatsiyasini ishga solib, muxolifat va tinch aholiga qarshi kurashdi. Qishloqlar vayron qilinib, mujohidlarning turar joylari, muhim irrigatsion kanallar yo‘q qilindi va mamlakat bo‘ylab millionlab minalar joylashtirildi.
Xalqaro hamjamiyat reaksiyasi
1980 yil 3 yanvardan AQSH Prezidenti Jimmi Karter Kongressning SQCH-2 (Strategik qurollarni cheklash bo‘yicha bitim) shartnomasini ratifikatsiya qilishini kechiktirdi. 1980 yil 6 yanvarda SSSRga qarshi sanksiyalarni e’lon qildi. Bular bug‘doy sotishga embargo, yuqori darajadagi texnologiyalar sotishni to‘xtatish, AQSH suvlarida baliq tutish uchun kvotani qisqartirish, AQSH aerodromlarida “Aeroflot” samolyotlari uchun qo‘nish huquqini kamaytirish, Kiyevda amerika konsulligini ochishni bekor qilish va Nyu-Yorkda sovet konsulligini ochishga taqiq qo‘yish, ikki tomonlama elchixonalarda diplomatik personalning kamaytirilishi bo‘ldi.
Boykot va sanksiyaar “sovuq urush”dagi vaziyatni keskinlashtirib, sovet hukumatini g‘azablantirdi. Natijada SSSR 1984 yil Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarini boykot qilish boshladi.
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Humayniy SSSR qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishidan ogohlantirilgan. 26 dekabrdan 27 dekabrga o‘tar kechasi Erondagi sovet elchisi V. M. Vinogradov Oyatullo Humayniy bilan shaxsan uchrashuvda buni aytib o‘tgan. Uchrashuvda Humayniy sovet tomoniga tezroq vazifani bajarib, ortga qaytishni tilagan. Uch oy davomida Eron Oliy rahbari voqealarga munosabat bildirmagan, keyin esa rasmiy Moskvaning Afg‘onistondagi harakatlarini tanqid qilgan va afg‘on mujohidlarini faol qo‘llay boshlagan. Ularni tayyorlash uchun o‘z hududida lagerlar tashkil qilgan hamda Kobuldagi sovetparast hukumatni tan olmagan.
Sovet qo‘shinining Afg‘onistonga kirishini Xitoy, Yugoslaviya, Ruminiya va Shimoliy Koreya kabi sotsialistik davlatlar ham qoraladi. 1980 yilda AQSH, Xitoy va 60 ta davlat Moskvdagi XXII yozgi Olimpiadada ishtirok etishdan bosh tortdi. Bunga javoban 1984 yilda Xitoy, Ruminiya va Yugoslaviyadan boshqa sotsialistik davlatlar SSSR boshchiligida Los-Anjelesdagi XXIII yozgi Olimpiadani boykot qildi.
Urushning borishi yoxud “Ayiq tuzog‘i”
Dastlab Sovet Ittifoqi shahar va yo‘llar xavfsizlgini ta’minlab, Babrak Karmal hokimiyatini barqarorlashtirib, 6 oy yoki bir yildan so‘ng Afg‘onistonni tark etishni rejalashtirgandi. Ammo ular partizanlar tomonidan qattiq qarshilikka duch kelib, 10 yil davom etgan qonli urushga giriftor bo‘ldi.
SSSR uchun kutilmaganda cho‘zilib ketgan urushni to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin:
1. 1979 yil dekabrdan 1980 yilgacha – sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishi va gornizonlarga joylashtirilishi;
2. 1980 yil martdan 1985 yil aprelgacha – faol harbiy harakatlar davri. Bir vaqtning o‘zida ADR qurolli kuchlarini qayta tashkil etish va mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilgan;
3. 1985 yil apreldan 1987 yil yanvargacha – faol harbiy harakatlardan afg‘on kuchlarini aviatsiya, artilleriya va sapyor bo‘linmalari bilan qo‘llab-quvvatlashga o‘tish davri. Shu davrda sovet qo‘shinlarining bir qismi Afg‘onistondan olib chiqilgan.
4. 1987 yil yanvardan 1989 yil fevralgacha – afg‘on harbiylarini tayyorlashga yordam bergan holda milliy yarashuv siyosatini olib borishga ko‘maklashish bosqichi. Sovet qo‘shinlarini butunlay chiqarishga tayyorlanish va Afg‘onistonni tark etish.
Urushning faol davri, 80-yillarning o‘rtalarida Afg‘onistondagi sovet askarlari soni 108 800 nafargacha yetkazilgan, harbiy harakatlar ham jadallashtirilgan. Ammo SSSR uchun urush va diplomatik xarajatlar ancha yuqori bo‘lgan. 1987 yil o‘rtalarida islohotchi Mixail Gorbachyov boshqaruvidagi SSSR afg‘on hukumati bilan uchrashuvlardan keyin askarlarini mamlakat hududidan olib chiqishni boshlashini ma’lum qildi. Sovet harbiylarini olib chiqib ketish 1988 yil 15 mayda boshlanib, 1989 yil 15 fevral kuni yakunlangan. Natijada Afg‘oniston hukumati mujohidlarga qarshi yakka o‘zi kurashishiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakatda kuchlar balansi o‘zgargan. 1992 yilda SSSR qo‘llab-quvvatlagan hukumat ag‘darilgan (bu vaqtda SSSRning o‘zi ham parchalanib bo‘lgan). Afg‘onistondagi urushning davomiyligi sababli G‘arb OAV uni ba’zida “SSSRning Vetnam urushi” yoki “Ayiq tuzog‘i” deb atashadi. Afg‘on urushidagi mag‘lubiyat SSSRni holdan toydirgan, natijada ulkan qonli imperiya parchalangan.
Afg‘on muxolifatiga xorijiy yordam
AQSHda Ronald Reygan Prezidetligi davrida 1980 yilda SSSR va ADRga qarshi kurashish uchun yagona front yaratish harakatlarini kuchaytirdi. 1980 yillarda muxolifatni amerika qurollari bilan ta’minlash davom etdi. 1984 yilda 125 mln dollar, 1985 yilda 250 mln dollar, 1986 yilda 470 mln dollar, 1987 yilda 630 mln dollarlik qurol yetkazib berilgan.
1988 yilda AQSHning afg‘on muxolifatiga ko‘rsatgan umumiy yordami 2,1 mlrd dollarga yetdi. Saudiya Arabistoni ham afg‘on muxolifatini qurol bilan ta’minlashga shuncha mablag‘ sarflagan. Shu bilan birga, muxolifatga salmoqli moliyaviy yordam Fors ko‘rfazi davlatlaridagi xususiy fondlardan kelgan. Bu mablag‘lar yiliga taxminan 400 mln dollarni tashkil etadi.
SSSR qo‘shinlariga qarshi operatsiyalar: “Faradey”
“Faradey” operatsiyasi AQSH va Buyuk Britaniya Mudofaa vazirliklari patronaji asosida urushning dastlabki yillarida Afg‘onistondagi sovet qo‘shinlariga qarshi o‘tkazilgan harbiy amaliyot.
Afg‘on urushining boshlang‘ich davrida AQSH (MRB) va Buyuk Britaniya (Maxsus havo xizmati, SAS, SAS) maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan “Faradey” operatsiyasining asosiy maqsadi quyidagilar bo‘lgan:
• Yevropa va AQSHda, shuningdek, ADR yaqinida (Pokiston) mashg‘ulot lagerlari ochish;
• Afg‘oniston hududida razvedka o‘tkazish hamda diversiya amalga oshirish uchun amerika va ingliz “spetsnaz”larini tayyorlash, ularni urush maydoniga jo‘natish;
• Qurol, o‘q-dori, mina va portlovchi vositalar yetkazib berishni tashkil qilish;
“Siklon” operatsiyasi
“Siklon” – 1980 yillarda MRBning Afg‘onistonda olib borgan operatsiyasi. Bu amaliyot MRBning eng uzoq davom etgan va qimmatga tushgan dasturi. Dasturning yillik ta’minoti 20-30 mln dollardan boshlangan bo‘lib, 1987 yilga kelganda, 630 mln dollarga yetgan. “Siklon” operatsiyasning asosiy texnik vositasi etib ISI – Pokistonning tashkilotlararo razvedkasi tanlangan. 1978-1992 yillarda “Siklon” operatsiyasi mablag‘lari hisobiga ISI afg‘on mujohidlarining 100 mingdan ortiq a’zosini o‘qitgan va qurollantirgan. Shu bilan birga, arab va islom davlatlarida, Xitoy Uyg‘ur muxtoriyatida ko‘ngillilarni to‘plagan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, ISI 43 ta davlatdan 35 ming xorijiy musulmonlarni tayyorlagan.
Urushdagi yo‘qotishlar
SSSRning Afg‘onistondagi harbiy harakatlarida mujohidlar katta rol o‘ynagan. Ular Sovet Ittifoqini Afg‘onistonda uzoq vaqt qolib ketishi va iqtisodiy tanazzulini ta’minlab bergan. 10 yil davomida turli ma’lumotlarga ko‘ra, 562 mingdan 2 mlngacha tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Millionlab afg‘onlar qochoqqa aylanib, Pokiston va Eronda jon saqlab qolgan.
SSSR bu urushda 15 031 nafardan 26 ming nafargacha askarini yo‘qotgan. 469 685 nafar odam nogiron bo‘lgan yoki turli kasalliklarni yuqtirib olgan. Sovet Ittifoqi urush yillarida Afg‘oniston hukumatini qo‘llash uchun har yili o‘rtacha 800 mln dollar, mamlakatdagi harbiy kuchlari ta’minoti uchun yiliga 3-8,2 mlrd dollar xarajat qilgan. Urushda jami 50 mlrd dollar atrofida mablag‘ sarflangan.
SSSR qo‘shinlarining Afg‘onistondan ketishi bilan mamlakatda tinchlik o‘rnatilmagan, aksincha yangi kuch bilan davom etgan. Uning ortidan fuqarolar urushi boshlangan. SSSRning ketishi bilan Afg‘onistonda yangi kuchlar yuzaga kelgan. “Tolibon” harakati ham shu davr “meva”si hisoblanadi.
QALAMPIR.UZ ushbu mavzuni davom ettiradi. 1992 yildan to bugunimizgacha sodir bo‘lgan voqealarni esa kelgusi maqolalarda o‘qishingiz mumkin.
LiveBarchasi