Navoiy yotgan zamin. Afg‘onistondagi urush qachon va nima sabab boshlangandi? (2-qism)
Tahlil
−
03 mart 2020
39086Saytimizda “Navoiy yotgan zamin. Afg‘onistondagi urush qachon va nima sabab boshlangandi?” nomli maqola e’lon qilingandi. Maqolada O‘zbekistonning janubdagi Afg‘onistondagi alg‘ov-dalg‘ovlarning dastlabki bosqichi yoritilgandi.
Ko‘p yillardan beri notinch Afg‘onistonda urushning dastlabki bosqichi SSSR harbiylari va afg‘on muxolifati – mujohidlar o‘rtasida kechgan bo‘lsa, keyingi davrda qurolli to‘qnashuvlar hukumat kuchlari va mujohidlar o‘rtasida bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tib, kuchga to‘lgan “Tolibon” mamlakatning katta qismini egallab oldi. Afg‘oniston shimolida toliblarga bo‘ysunmagan alyans tuzildi.
Maydon kengaymagani holda u yerdagi o‘yinchilar sonining ortishi mamlakatdagi keskinlikni oshishiga sabab bo‘ldi. Afg‘onistondagi urushning ikkinchi bosqichida mamlakat rasman “qora dori uyasi” maqomini oldi. Afg‘onistonda fuqarolar urushi nafaqat davlatning qoloq bo‘lib qolishiga, balki yuz minglab odamlarning bevaqt o‘limiga olib keldi.
SSSR armiyasi 1989 yilda Afg‘onistonni tark etgan bo‘lsa ham mamlakat hukumatini AQSH, Pokiston va boshqa bir nechta davlatlardan yordam olayotgan mujohidlarga qarshi kurashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turdi. Ammo “Qizil imperiya” parchalanganidan keyin, Afg‘oniston Demokratik Respublikasi ham ko‘pga bormadi.
SOVET ARMIYASI KETGANIDAN KEYINGI URUSH
1989 yil 15 fevralda SSSR qo‘shinlari Afg‘onistondan ketgach, G‘arb mutaxassislari sovetparast hukumat darhol qulaydi, deb taxmin qilgandi. Muxolifat ham hukumat qo‘shinlariga qarshi hujumlarni jadallashtirdi. Biroq “Qizil imperiya”dan qurol-yarog‘, oziq-ovqat, yetmaganidek, harbiy maslahatchilarning ham kelib turishi Najibulla rejimini 3 yil saqlab turdi.
Shu bilan birga, 1987 yilda boshlangan milliy yarashuv jarayoni ham davom etdi. Mamlakatda yangi konstitutsiya kuchga kirdi, siyosiy partiyalar to‘g‘risida, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi.
Mujohidlar milliy yarashuv siyosatini va o‘q otishni to‘xtatish haqidagi taklifni hukumatning zaifligi deb baholab, sovetparast hukumatga qarshi kurashni kuchaytirdi. O‘q otishni bir tomonlama to‘xtatish hukumatning ahvolini tanglashtirdi. Prezident va hukumat zarurat tug‘ilganda mamlakatni tezda tark etish uchun Kobul aerodromiga ko‘chib o‘tdi. Ko‘plab amaldorlar ishga chiqmay, mujohidlar bilan aloqa o‘rnata boshladi.
AFG‘ONISTONNING HARBIY ZAXIRALARI
Afg‘onistonda sotsializmning 1992 yilgacha saqlanib qolishida hukumat qo‘l ostidagi qurollar asosiy omil bo‘lgan. Ulardan eng muhimi esa Sovet Ittifoqi bergan ko‘p miqdordagi harbiy texnikalar. 1989 yilda hukumat va hukumat tarafdori bo‘lgan ko‘ngillilar qo‘l ostida 1568 ta tank, 828 ta bronetransport, 4880 ta artilleriya, 126 ta zamonaviy qiruvchi samolyot va 14 ta vertolyot bo‘lgan. SSSRdan yana 6 mlrd dollarlik harbiy texnika kelgan. Bu qurollar mujohidlarni tiyib turish imkonini bergan.
Bu davrda Afg‘oniston hukumatining muhim ko‘makdoshi Abdul Rashid Do‘stum bo‘linmasi bo‘ldi. Asosan o‘zbeklardan tuzilgan rasmiy nomi 53-piyoda diviziyasi davlat g‘aznasidan mablag‘ olib turgan. 40 ming kishilik bo‘linma bevosita Najibulladan buyruq olgan va uning strategik zaxirasi hisoblangan. 1989 yildan keyin Do‘stum ko‘shini hujumkor operatsiyalar o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yagona kuch sifatida ko‘rilgan.
Mujohidlar esa AQSH, Saudiya Arabistoni va Pokistondan harbiy yordam olishda davom etgan. AQSH Ahmad Shoh Masud boshqaruvidagi mujohidlarni qo‘llab turgan. Ularga yordam berish Prezident Ronald Reyganning “Siklon” dasturi doirasida sezilarli oshgan.
AFG‘ONISTONDA KOMMUNISTLARNING QULASHI
1989 yil bahorga kelib mujohidlar Afg‘onistonda kommunistlarni tezroq qulatish uchun yirik harbiy operatsiyalar boshladi. Mujohidlarning ba’zi yetakchilari jumladan, Abdul Haq partizanlik yurishlarini davom ettirib, hukumatni kuchsizlantirishni taklif qildi. Ammo ularning homiylari AQSH va Pokiston jarayonni tezlatishni istardi. Pokiston Jalolobodni egallab, u yerda fundamentalistlardan iborat Muvaqqat afg‘on hukumatini tuzish niyatida edi. Unga Abdul Rasul Sayyaf Bosh vazir, Gulbeddin Hikmatyor Tashqi ishlar vaziri bo‘lishi kerak edi.
Mujohid askarlari Jalolobodga hujum arafasida 10 mingni tashkil etardi. Jalolobodga hujum 5 mart kuni boshlangan. Mujohidlar dastlab Samarkel qishlog‘i va Jalolobod aerodromini egalladi. Ammo Jalolobod garnizoni yaxshi himoyalangandi. Hukumat kuchlari har kuni havodan zarbalar berar, minalangan maydon esa mujohidlarni havotirga solardi. Bundan tashqari, mujohidlar turli guruhlarga bo‘lingani bois harakatlarni muvofiqlashtirishning imkoni bo‘lmasdi. May oyi o‘rtalariga kelib, ular Jalalobod yurishida deyarli muvaffaqiyatga erishmagandi. Iyunda muxolifat hukumat kuchlarining Samarkel qishlog‘iga hujumini qaytarishga ham qodir bo‘lmadi. Mujohidlarning 3000 nafari halok bo‘lgandi.
Muvaffaqiyatsizliklar ortidan Pokiston Bosh vaziri Benazir Bxutto ISI – Pokistonning tashkilotlararo razvedkasi boshlig‘i Hamid Gulni iste’foga chiqardi. Uning o‘rnini afg‘on partizanlarini qo‘llab-quvvatlashda klassik usuldan foydalangan Shamsur Rahmon Kallu keldi.
Mujohidlarning muhimroq g‘alabalaridan biri Xost shahrining egallanishi bo‘ldi. 11 yillik qamaldan keyin 1991 yil 11 aprelda Jaloliddin Xaqqoni muzokaralar bilan shaharni egalladi. 1991 yilning yarmiga kelganda afg‘on hukumati nazoratida mamlakatning 10 foizi qolgandi.
1992 yil 27-28 aprelda general Abdul Rashid Do‘stum yordami bilan Kobulda davlat to‘ntarishi uyushtirildi. Natijada fuqarolar urushi yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu tariqa imkoniyat jihatidan ustunlikka ega bo‘lgan Afg‘oniston hukumat kuchlari mag‘lub bo‘ldi. Mujohidlar mutlaq g‘alabaga erishdi. Afg‘oniston Demokratik Respublikasi yo‘q qilindi, shundan so‘ng mamlakatda kommunistik qarashlar qayta uyg‘onmadi.
ADRni boshqargan Najibulla Muhammad esa Afg‘onistondagi BMT qarorgohida qo‘nim topib, 1996 yilgacha shu yerda yashadi. “Tolibon” 1996 yilda Kobulni egallaganda, Najibullani tutib olib, uni qiynoqlar bilan o‘ldirdi. Jasadni mashinaga bog‘lab 2 km masofaga sudrab borib, qonga belangan jasadni Prezident qarorgohi oldiga osishdi.
MUJOHIDLARNING AFG‘ONISTON BOSHQARUVIGA KELISHI
Najibulla hokimiyati ag‘darilgach, mamlakat Afg‘oniston Islom Davlati (AID) deb nomlandi. AID 1992 yil dekabrdan 2001 yil dekabrgacha mavjud bo‘ldi.
Mujohidlarning o‘zi ham yettita katta guruhlarga bo‘lingandi. Ularning har biri o‘z partiyasini tuzgandi. Ana shu yetti partiya 1982 yilda Pokistonning Peshovar shahrida “Yettilik alyansi”ni tuzdi. Alyans “Peshovar yettiligi” deb ham atalgan. Uning a’zolari asosan pushtunlar bo‘lib, Islomning sunniylik mazhabiga e’tiqod qilardi.
Afg‘onistonda jamiyat turli millatga mansub, e’tiqodlari ham turlicha bo‘lgan guruhlardan iboratligi sababli uni xarakterlash murakkab. Qaysidir guruh boshqa bir guruh bilan yaxshi aloqalarni saqlagan yoki aksincha, ziddiyatli munosabatlarni ustun ko‘rgan. Ko‘plab guruhlarning bir tashkilotga birlashishga urinishi yakunda ikkita asosiy guruhni shakllantirgan: mutaassib islomchilar va millatchilar.
Afg‘onistonda mujohidlarning “Yettilik alyansi”ga quyidagi siyosiy guruhlar qo‘shilgan:
• “Afg‘oniston islom partiyasi” (AIP). Unga Gulbiddin Hikmatyor rahbarlik qilgan. U AQSHning Markaziy razvedka boshqarmasi ko‘rsatadigan yordamning 40 foizini olgan.
• “Afg‘oniston islom jamoati” (AIJ). Unga Burhoniddin Rabboniy yetakchilik qilgan.
• “Afg‘onistonni ozod qilish islom ittifoqi”. Bu partiyaning rahnamosi Abdul Rasul Sayyaf bo‘lgan. Partiya Saudiya Arabistoni bilan aloqalarini yaxshilagan, asosiy yordamni ham podshohlikdan olgan.
• Yunus Holisning “Afg‘oniston islom partiyasi”. Gulbiddin Hikmatyor partiyasi bilan nomdosh siyosiy guruh. Partiya yetakchisi alyansdagi rahbarlar ichidan barcha harbiy harakatlarda shaxsan qatnashishi bilan ajralib turgan.
Qolgan uch partiya an’anaviylikni ustun ko‘rgan. Ular Afg‘onistonga revolyutsiyagacha bo‘lgan tartibni qaytarish tarafdori bo‘lgan. Bular:
• “Afg‘oniston milliy islom fronti” (AMIF). Unga Said Ahmad G‘iloni rahbarlik qilgan, qurolli askarlarni Abdul Rahim Vardak boshqargan. Tashkilot Pokistondagi afg‘on qochoqlari orasida katta ta’sirga ega bo‘lgan. AMIF eng dunyoviy va g‘arbga intiluvchi mujohidlar harakati hisoblangan.
• “Afg‘onistonni qutqarish milliy fronti” (AQMF). Sibg‘atulloh Mujaddidi rahbarligidagi partiya a’zolari qadar ko‘p bo‘lmagan. Tashkilot Afg‘onistonga sobiq Zohir Shohni qaytarish tarafdori bo‘lgan.
• “Afg‘oniston islom inqilobi harakati” (AIIH). Bu guruh yetakchisi Muhammad Nabi Muhammadi diniy arbob bo‘lgan. Bu eng mutaassib tashkilot hisoblangan.
1992 yil 28 aprelda 28 iyungacha Sibg‘atulloh Mujaddidi AID Prezidenti vazifasini bajardi. 1982 yil 24 aprelda mujohidlar yetakchilari Peshovarda uchrashib, Islom jihodi kengashini tuzdi. Uni Mujaddidi boshqardi. Ahmad Shoh Masud Mudofaa vaziri etib tayinlandi. Biroq butun hokimiyatini yakka o‘ziniki qilishga uringan Gulbiddin Hikmatyor oxir-oqibat Ahmad Shoh Masud tomonidan mag‘lub etildi. 28 aprelda mustaqil Afg‘oniston Islom Respublikasi e’lon qilindi. Hikmatyor askarlarining qolganlari tuzilgan hukumatga qarshi harakatni davom ettirdi. Bu orada sunniylar va shialar orasida nizo chiqdi. Bunga shialarning 8 ta vazirlik o‘rnini talab qilishi sabab bo‘ldi. Mojaro muzokaralar orqali hal qilindi.
1992 yil iyunda Mujaddidi o‘z o‘rnini Burhoniddin Rabboniyga bo‘shatib berdi. Ustod Farid Bosh vazir va Ahmad Shoh Masud Mudofaa vaziri lavozimini egalladi. Biroq, oradan bir necha oy o‘tib, Kobulda Rabboniy va uning raqiblari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi. Uning ortidan Hikmatyor tarafdorlari Kobulni artilleriyadan o‘qqa tutdi. Mojaro 1994 yildagina hal etildi. Bu isyonchilarni yakson qilish va eng obro‘li uch yetakchi o‘rtasida kelishuv tuzish bilan amalga oshdi. Keyingi mojaro Rabboniy Bosh vazir mandatisiz o‘z prezidentlik muddatini 6 oyga uzaytirganida yuz berdi. O‘sha vaqtdagi Bosh vazir Hikmatyor Pokiston razvedkasi ko‘magida Kobulga zarba berdi. Bu safar nizo BMT vakili ishtirokidagi muzokaralar natijasida hal etildi. Uning ortidan mujohidlarning turli guruhlari parlamentda teng o‘ringa ega bo‘ldi.
Tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar busiz ham izdan chiqqan iqtisodiyotni boshi berk ko‘chaga olib borib qo‘ydi. Poytaxtdan tashqarida mamlakatni amalda dala qo‘mondonlari (polevoy komandir) boshqargan. Strategik muhim yo‘llardan o‘tish uchun boj to‘lanardi, dehqonlar esa ko‘knori yetishtirishni boshladi, odamlarning o‘g‘irlanishi esa kundalik holatga aylanib qoldi. Ayni shu vaziyat mamlakatda toliblar (islom o‘quvchilari)ning hokimiyatga kelishiga bosh omil bo‘ldi. Bu harakatning yetakchisi va g‘oyaviy rahnamosi mulla Muhammad Umar bo‘ldi. U sovetlar bilan urushda mujohidlar safida qarshilik ko‘rsatgan.
mulla Muhammad Umar "Tolibon" asoschisi
“TOLIBON”NING AFG‘ONISTONNI EGALLASHI
“Tolibon” 1994 yilda vujudga keldi. Tez fursatda qurollanib, Qandahor provinsiyasi aholisi va pokistonliklar ko‘magida 1994 yilning noyabrida Qandahorni egalladi. Harakat mahalliy pushtun aholi orasida tez ommalashib, safini kengaytirdi. 1998 yilga kelib toliblar Hirot, Kobul va Mozori-Sharifni nazoratiga oldi. Xususan, 1996 yil 27 sentyabrda Kobul jangsiz olingach, mamlakat Afg‘oniston Islom Amirligi deb nomlandi. 2001 yilda esa mamlakatning 90 foizini bosib oldi. Toliblarning harbiy harakatlardagi muvaffaqiyatlari bir qancha omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, ular Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ikkinchidan, ularning islom e’tiqodiga sodiqligi ko‘p yillardan beri qiynalib kelgan aholining keng qatlamida hayrixohlik uyg‘otgan. Bu ularning safi kengayishiga xizmat qilgan. Uchinchidan, toliblar mamlakatda tartib o‘rnatgan (avvalo yo‘llarda qaroqchilikka barham bergan).
2001 yilga kelib “Shimoliy Alyans” nazoratidagi shimoliy hududlardan tashqari barcha hudud “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Yangi hukumatni Pokiston, Saudiya Arabistoni va BAA tan oldi. Ammo boshqa davlatlar toliblar harakatini qoraladi. Noroziliklar eng avvalo Afg‘onistonda inson huquqlarining toptalishi ortidan kelib chiqdi. Toliblarning siyosiy obro‘si ortishi bilan televideniye taqiqlandi, radio “shariat ovozi” deb nomlandi. Shariat qonunlari siyosiy boshqaruvda asosiy vositaga aylandi. “Tolibon” BMTga Usoma ben Laden va “Al-Qoida”ning boshqa yetakchilarini berishdan bosh tortganidan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. Bundan tashqari, toliblar butun dunyoda teraktlar uyushtirish uchun terrorchilar tayyorlashda ayblandi. BMT Xavfsizlik Kengashining barcha besh a’zosi “Tolibon”ga qarshi ekanini bildirdi.
Rossiya Chechenistonga qurol yetkazib berishni to‘xtatmasa Kobulni bombardimon qilishini ma’lum qildi. Xitoy toliblarni o‘z hududida diniy mojaro chiqarishda aybladi. AQSH esa Keniya va Tanzaniyadagi elchixonalariga hujumdan keyin terrorchilarning taxminiy bazalariga 20 ta raketa zarbasi berdi. Eron o‘z diplomatlari o‘ldirilganidan keyin Afoniston bilan chegaraga 250 ming askar tashladi. 1999 yilda qator davlatlar Afg‘onisonga qarshi iqtisodiy sanksiya qo‘lladi. Biroq toliblar bosqinchilik siyosatini davom ettirdi. Ular Ahmad Shoh Masud boshchiligidagi “Shimoliy Alyans”ning yo‘q qilishga urinardi. Afg‘oniston atrofidagi mojaro 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda uyushtirilgan terrorchilik aktidan keyin cho‘qqisiga chiqdi.
1996 yilda mamlakatning katta qismi “Tolibon” tomonidan egallanganiga qaramay, mamlakat shimoliga joylashib olgan Burhoniddin Rabboniy va “Shimoliy Alyans” xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan kuchlar sifatida qolaverdi. Bu hol 2001 dekabrgacha hukm surdi. 2001 yil oxirida xalqaro terrorchilikda ayblangan “Tolibon” AQSH harbiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Shimoliy Alyans” tomonidan yakson qilindi. 22 dekabr kuni Prezident Rabboniy iste’foga chiqdi. Bir vaqtning o‘zida afg‘on siyosiy doiralarining Bonn konferensiyasi natijasiga ko‘ra, Hamid Karzay boshchiligida Afg‘onistonning vaqtinchalik ma’muriyati shakllantirildi.
“TOLIBON” VA GIYOHVAND MODDALAR SAVDOSI
“Tolibon”ning Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi mamlakatda giyohvand moddalar yetishtirish hajmining oshishiga olib keldi. 1999 yil 15 okyatbrda BMT Xavfsizlik Kengashi afyun yetishtirish ortgani sababli xavotir bildirgandi.
1996 yilda “Tolibon” hokimiyatga kelgach, mamlakatda 2248 tonna geroin ishlab chiqarilgan.1999 yilda bu ko‘rsatkich 4565 tonnaga yetgan. O‘sha yili Afg‘oniston dunyodagi barcha geroinning 79 foizini ishlab chiqargan. Toliblar nazoratidagi ko‘knori maydonlari 57 ming gektardan 91,5 ming gektargacha kengaygan. Dehqonlarga pul evaziga ko‘knori ekish taklif qilingan. Dunyo hamjamiyati bosimi ostida afyun narxining tushishi ortidan ko‘knori maydonlarining qisqartirilishi bo‘yicha talabga deyarli amal qilinmagan.
Toliblarning 10 foiz daromadi ko‘knori solig‘i 20 foizi ayyun tayyorlash va uni sotishdan kelgan.
2000 yilda esa toliblarning o‘zi ko‘knori yetishtirishga cheklov qo‘ygan. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
• “Tolibon” shu orqali xalqaro maydonlardagi muzokaralarda o‘zini oqlashni maqsad qilgan;
• Cheklov xalqaro sanksiyalarning yumshatilishiga sabab bo‘lishi taxmin qilingan. Shu orqali ko‘knori yetishtirishdanda daromadli bo‘lgan tranzit savdo masalasi jonlanishi rejalashtirilgan.
Alaloqibat cheklovlar samara berib, 2001 yilda Afg‘onistonda bor-yo‘g‘i 185 tonna afyun ishlab chiqargan.
“Shimoliy Alyans”
1996 yilda Kobul ostonasida “Tolibon”dan mag‘lubiyatga uchragan Ahmad Shoh Masud mamlakat markazidan shimolga qarab kattagina hududni nazoratiga oldi. Panjsher, Parvon, Kapisa, Bog‘lon, Badaxshon, Tohar, Balx, Jauzjon, Faryob, Qunduz viloyatlari Masud nazoratida qoldi. U markazi Bazarak bo‘lgan Masudiston degan hududni tashkil etdi. Masudistonning o‘z hukumati, pul birligi, yaxshi qurollangan 60 ming kishilik qo‘shini bo‘lgan. “Tolibon”ning kuchayishi unga qarshi bo‘lganlarning “Shimoliy Alyans”ga qo‘shilishiga olib keldi. “Shimoliy Alyans” Rossiya, AQSHning MRBsi hamda mintaqaviy davlatlar bilan aloqa o‘rnatgan va ulardan yordam olgan.
2001 yil 9 sentyabr kuni (AQSHdagi teraktdan ikki kun oldin) “Shimoliy Alyans” rahbarlari ishtirokidagi tadbirga jurnalist qiyofasida kelgan hudkush-terrorchi bomba portlatishi oqibatida tashkilot rahbari halok bo‘ldi. Ammo portlash bilan bog‘liq vaziyat bir hafta davomida barchadan yashirildi. Ahmad Shoh Masudning eng yaqin do‘stlari va oilasi ham uni yaralangan ammo hayotiy taxlika yo‘q deb o‘yladi. Biroq Masud olgan jarohatlaridan vafot etdi. Uni 16 sentyabr kuni dafn etishdi.
Masudning o‘rnini 44 yoshli Muhammad Faximxon egalladi. 13 sentyabrda general Dushanbeda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha zudlik bilan yig‘ilgan Eron, Tojikiston, Rossiya, Hindiston va O‘zbekiston vakillariga tanishtirildi. Shundan ko‘p o‘tmay, “Shimoliy Alyans” va AQSH kuchlarining “Tolibon”ga hujumi natijasida harakat mag‘lub etildi va Masudiston mavjud bo‘lishdan to‘xtadi.
Shu tariqa Afg‘onistonda urushning yana bir davri yakunlandi. 2001 yildan keyin esa AQSH boshliq koalitsiya kuchlari Afg‘onistonda terrorga qarshi kurashish uchun hukumatga yordam berib, harbiy operatsiyalar o‘tkazib keldi.
Mavzuning davomini kuzatib boring!
LiveBarchasi