Navoiy yotgan zamindagi 40 yillik urush. Dunyo nega Karimovning ogohlantirishini jiddiy qabul qilmagandi? (3-qism)
Tahlil
−
09 mart 2020
48740Afg‘oniston – 40 yildirki urush domida qolayotgan o‘lka. Undagi muammolar shu qadar chigalki, birini hal qilaman desa ikkinchisi “oyoqdan chalib” ishni pachava qiladi. Saytimizda Afg‘onistondagi muammolar haqida turkum maqolalar berildi. Unda urushning XX asar 80-yillaridan, XXI asr boshiga qadar bo‘lgan davri yoritilgandi.
Afg‘onistondagi urushning ikkinchi davrida mamlakat “qora dori” va afyun markaziga aylangan bo‘lsa, keyingi davrda mamlakat “terrorning uyasi” maqomini oldi. Bir vaqtlar olimu fozillar, shoiri ulamolarga beshik bo‘lgan zamin, endi terrorchilik tashkilotlarining boshpanasi, jon saylaydigan chaylasi bo‘ldi. Natijada Afg‘oniston ko‘plab tomonlar o‘rtasida jang boruvchi maydon vazifasini ham o‘tadi.
1978 yilda boshlangan Afg‘on urushining eng uzoq davom etgan uchinchi bosqichiga nazar solamiz. 43 davlat bosh qo‘shgan koalitsiya Afg‘onistonda nimani qoyillatdi o‘zi?
AQSHNING AFG‘ONISTONGA KIRISH SABABI: 11 SENTYABR VOQEALARI
2001 yil 11 sentyabr kuni AQSHda seriyali terroristik hujumlar amalga oshirildi. Jami 19 kishi to‘rtta yo‘lovchi samolyotni qo‘lga oldi. American Airlines aviakompaniyasi samolyoti Nyu-Yorkdagi Butunjahon savdo markazining birinchi (shimoliy) binosiga urildi. United Airlines aviakompaniyasi samolyoti esa Butunjahon savdo markazining ikkinchi (janubiy) binosiga urildi. Terrorchilik akti natijasida egizak osmono‘par binolar butkul vayron bo‘ldi. American Airlines kompaniyasining qo‘lga olingan yana bir samolyoti AQSH mudofaasining “yuragi” Pentagonga qarab uchdi. Samolyot Mudofaa vazirligi binosining g‘arbiy qanotiga urildi. United Airlines`ga tegishli bo‘lgan va qo‘lga olingan to‘rtinchi samolyot esa manziliga yetmay, Pensilvaniya shtatida quladi. Samolyot qulagan joy Vashingtondan 240 km uzoqlikda joylashgan. Samolyotning bu tarzda qulashiga havo kemasidagi yo‘lovchi va ekipaj a’zolarining boshqaruvni qaytarishga uringani sabab bo‘lgani taxmin qilinadi. Ushbu seriyali hujumlar natijasida 19 nafar terrorchidan tashqari 2977 nafar odam halok bo‘lgan, 24 kishi bedarak yo‘qolgan.
Hujum uchun javobgarlikni “Al-Qoida” terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan. Uning rahbari Usama bin Lodin Afg‘onistondan qo‘nim topgandi. AQSH uni ekstraditsiya qilishni talab qilganida “Tolibon” buni rad qildi.
22 sentyabr kuni esa “Tolibon” hukumatini tan olgan uch davlatdan ikkitasi Saudiya Arabistoni va BAA Afg‘oniston bilan diplomatik aloqani uzdi.
Bu voqealar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ogohlantirishlari bee’tibor qoldirilganining ayanchi oqibati edi. Islom Karimov jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosining hali erta bosqichida, “Tolibon” endi paydo bo‘lgan kezlari ulkan xavf yaqinlashayotganidan ogohlantirgandi.
“Ushbu mintaqadagi notinchlik va to‘qnashuvlar, ulkan ko‘lamdagi fojialarga olib kelishi mumkin... Shuningdek, aynan ziddiyat maydonida g‘oyat katta miqdordagi qurol-aslahalarning nazoratsiz holatda to‘plana borayotgani bizni yanada xavotirga soladi. Ushbu qurollar qanday qilib ekstremist va terroristlar qo‘liga tushyapti? Ushbu qurol oqimining Afg‘onistonga yetkazib berilishini oldini olish uchun jahon hamjamiyati nima qilmoqda hamda qanday yo‘l tutishi kerak? Millionlab insonlar hayoti va xalqlar taqdirini belgilovchi ushbu savollar hozirda o‘z yechimini kutyapti”, degandi Karimov 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib.
Ulkan xavfga nisbatan undanda ulkan loqaydlik oqibatida Karimov aytgan terror xavfi oradan 8 yil o‘tib AQSHda “portlagandi” va shu tariqa o‘zining asl kuchini namoyish qilgandi.
AQSH UCHUN AFG‘ON URUSHINING BOSHLANISHI
“Tolibon”ga qarshi harbiy operatsiya 2001 yil 7 oktyabr kuni boshlangan. Birinchi zarbani berishda 40 ta harbiy samolyot qatnashgan, amerika va britan kemalari 50 ta qanotli raketalar uchirgan. Urushning dastlabki oylarida toliblarning havo hujumiga qarshi tizimi, aviatsiya butkul vayron qilingan. AQSHning harbiy harakatlari davomida “Tolibon” Amerika harbiy texnikalarini yo‘q qilgani haqida bir qancha axborot tarqalgan. Ammo keyiroq bular Pentagon tomonidan inkor qilingan.
“Tolibon”ning harakatlarini dunyoda yagona OAV yoritib borgan. Bu Qatarning “Al-Jazira” telekanali edi. Toliblar faqat shu kanalga Afg‘onistonda ishlashga ruxsat bergan.
Bir oy davomida AQSH samolyotlari “Tolibon” pozitsiyalariga zarba bergan. Bu o‘z samarsini berib, “Tolibon”ning harbiy harakatchanligi susaygan, front orti ta’minot chizig‘iga putur yetgan.
Va nihoyat, 2001 yil 9 noyabr kuni “Shimoliy Alyans” “Tolibon”ga hujum qilib, Mozori-Sharif shahrini egalladi. Bu ulkan yo‘qotish edi. Shundan so‘ng, “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlagan ko‘plab “polevoy komandir”lar “Shimoliy Alyans” tomonga o‘tib ketdi.
Hujum boshlanganidan 38 kun o‘tib, 13 noyabr kuni “Tolibon” 1996 yildan beri nazoratida bo‘lgan poytaxt Kobulni jangsiz tashlab ketdi. Bir necha kun o‘tib esa mamlakatning faqatgina janubiy qismi va shimoldagi Qunduz shahri toliblar nazoratida qolgandi.16 noyabr kuni Qunduz shahri qamal qilinib, 25 noyabrda egallandi.
Urush AQSH va uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya uchun risoladagidek ketayotgandi. Oldinda yirik shahar “Tolibon”ning “beshigi” Qandahorni egallash qolgandi. Harakat yetakchisi Mulla Omarning qarorgohi ham shu yerda bo‘lgan.
Qandahor jangidan avval AQSH Afg‘onistonga birinchi yirik harbiy kontingentini kiritdi. 1000 ga dengiz piyodalari Arab dengizidan vertolyotlarda olib kelindi. Askarlar Qandahor janubiga tashlandi va u yerda birinchi tezkor baza Kemp-Rino (Camp Rhino) barpo etildi.
7 dekabrga kelib, toliblarning Afg‘onistondagi so‘nggi yirik markazi Qandahor taslim bo‘ldi. Jangarilarning bir qismi qo‘shni Pokistonga qochdi, bir qismi, shu jumladan, “Tolibon” lideri Mulla Omar toqqa yashirindi. Jangarilarning ma’lum qismi asir tushdi. Qandahor olinishi bilan harbiy harakatlarning asosiy bosqichi yakunlandi.
Shundan so‘ng, AQSH Afg‘onistonga kirishining rasmiy manbalarga ko‘ra bosh sababi “Al-Qoida” yetakchisi Usama bin Lodinning ketiga tushish. Sovet-afg‘on urushi davom etayotgan vaqtlarda Afg‘oniston janubi-sharqidagi Tora-Bora tog‘li rayonida g‘or ichida qarorgoh borligi va razvedka ma’lumotiga ko‘ra bin Lodin o‘ziga o‘sha yerni boshpana qilgani haqida ma’lumot bo‘lgan. Tora-Bora uchun 12-17 dekabr kunlari jang olib borilgan. G‘or egallangach, tekshirib chiqilganda bin Lodin bu yerni allaqachon tark etgani ma’lum bo‘lgan.
AQSH va Buyuk Britaniya kuchlarining birgalikdagi harbiy harakatining dastlabki bosqichida “Tolibon” hokimiyatdan ketkazildi va harbiy salohiyatini yo‘qotdi. Afg‘onistonda Hamid Karzay boshchligida o‘tish davri afg‘on ma’muriyati tuzildi. 2002 yil iyunda Luya jirga (katta kengash) Hamid Karzayni mamlakatning vaqtincha Prezidenti etib tasdiqladi. Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash uchun NATOning harbiy missiyasi amalga oshirila boshladi. Keyinchalik u ISAF (International Security Assistance Force – Xavfsizlikka ko‘maklashuvchi xalqaro kuch) nomi bilan ataldi. ISAF BMT Xavfsizlik Kengashining 2001 yil 20 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan tuzilgandi. ISAF dastlab Kobul xavfsizligi uchun javob bergan.
URUSHNING BORISHI
Toliblar rejimi ag‘darilganidan keyingi birinchi yil Afg‘onistonda tinch o‘tdi. Bu tinchlik rasmiy hukumat ham, “Tolibon” ham urushadigan ahvolda emasigi oqibatida yuzaga keldi. Birgina yirik to‘qnashuv Shohi-Kot vodiysida yuz berdi. Kabul va Tora-Bora tog‘li hududidan chekingan toliblar shu yerda qo‘nim topgandi. 2002 yil martida koalitsiya kuchlari vodiyda “Anakonda” operatsiyasini o‘tkazdi. Ammo toliblar kutilmaganda qattiq qarshilik ko‘rsatdi va operatsiya yirik jangga aylanib ketdi. Vodiy egallangach, jangarilar janubdagi tog‘li hududlarga yashirindi yoki Pokistonga ketdi.
“Tolibon” sukunat yillarida qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Harakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlardan qochib, o‘z kuchlarini AQSHga qarshi kurashishga tayyorlayotgandi.
“Tolibon” afg‘on-pokiston chegarasidagi qishloq hududlardan o‘zining tayanch bazasi sifatida foydalanib, 1980-yillarda sovet-afg‘on urushi davridagidek partizanlik urushini boshladi. Toliblar o‘zini bir muncha tiklab olgani 2003 yil 27 yanvarda amerikalik askarlar o‘tkazgan “Mangust” operatsiyasida ma’lum bo‘ldi. Uning ortidan shaharlarda terrorchilik aktlari uyushtirila boshladi.
“Tolibon” o‘zini sezilarli darajada tiklab, janubga joylashib olgach, Paktika, Paktiya, Nangarhar va Kunar viloyatlariga o‘zining “yashirin” gubernatorlarini yubordi. Bu harakat javobsiz qolmadi. BMT Xavfsizlik Kengashi ISAF javobgar bo‘lgan hududlarni kengaytirdi. Bir vaqtning o‘zida Afg‘onistonni siyosiy va iqtisodiy tomonlama tiklash harakati boshlandi. 2004 yilda yangi konstitutsiya qabul qilinib, 9 oktyabrda birinchi prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda Hamid Karzay g‘olib bo‘ldi.
2005 yilda Afg‘onistonda zo‘ravonlik avj oldi. Harbiy harakatlar natijasida umumiy hisobda deyarli 1500 kishi halok bo‘ldi.
2005 yilda ISAF va amerika kontingentining yo‘qotishlari ortdi. Dastlab, MH-47 vertoyolti urib tushirilganida 16 amerikalik askar, keyinroq vertolyot halokatida 17 nafar ispan askari halok bo‘ldi.
2006 yilda ISAF`ning Afg‘oniston janubida qator hududlarda “Tog‘ o‘pirilishi” operatsiyasini boshladi. Unda 11 mingdan ortiq xalqaro koalitsiya askari ishtirok etdi. Tog‘li hududga mustahkam joylashib olgan toliblar qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Operatsiya iyulgacha davom etdi.
1 avgustda NATO Afg‘oniston janubida xalqaro kontingentni boshqarish huquqini AQSHdan oldi. O‘sha vaqtda tashkil topganiga 57 yil bo‘lgan NATO “Tog‘ o‘pirilishi” eng qiyin operatsiya bo‘lganini ta’kidladi.
Bu o‘z navbatida “Tolibon” 5 yil ichida o‘zini qayta tayyorlaganini isbotladi. Toliblar 2001 yildagi “o‘quvchilar”dan professionallarga aylangandi.
2008 yilgacha xalqaro koalitsiya kuchlari “Tog‘ o‘pirilishi”dan tashqari “Meduza”, “Tog‘ g‘azabi”, “Axilles”, “Harakati yolo” va “Lastay Kulang” kabi operatsiyalar o‘tkazdi. Ularda “Tolibon”ning ko‘plab jangarilari yo‘q qilindi, kolatsiyaning yo‘qotishlari ham sezilarli oshdi. Ammo aytarli muvaffaqiyatga erishilmadi.
2007 yildan hukumat harbiy kuchlari operatsiyalarda asosiy vazifani bajara boshladi.
URUSHDA BURILISH: “TOLIBON”NING QARSHI HUJUMGA O‘TISHI
2002-2007 yillar davomida asosan himoyalangan va imkon bo‘lsagina shahar yoki boshqa kichik aholi manzilgohini egallab olgan toliblar 2008 yildan hujumga o‘ta boshladi. Ular mamlakatning Vaziriston viloyatida mustahkamlanib olgandi. Ma’lum bir vaqtda esa xalqaro koalitsiyani mushkul ahvolga solib qo‘ydi.
2008 yilning fevralida toliblar Pokistondan koalitsiyaga 80 foiz ta’minot olib boriladigan koridorga hujum qila boshladi. Uzluksiz hujumlar natijasida NATO Rossiyadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Rossiya NATO kuchlariga ta’minot olib o‘tish uchun o‘z havo hududida koridor ochib berdi. Ammo havodan ta’minot yetkazish quruqlikka qaraganda qimmatga tushardi.
2008 yil aprel oyida Kobulda Prezident Hamid Karzayga hujum qilindi. Parad vaqtida toliblar avtomat va granatamyotlardan hammani o‘qqa tutdi.
Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar o‘rtasida ham kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Xususan, bu koalitsiya kontingenti ustidan oliy boshqaruvning kimga tegishli bo‘lishi masalasida namoyon bo‘lgan. Odatda boshqaruv Amerika va Britaniya qo‘mondonlari orasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan.
2009 yilda ham kurashuvchi tomonlar ayrim hududlarni oldinma-keyin ishg‘ol qildi. Asosiy janglar Chahor Dara uyezdi uchun bo‘ldi va hudud hukumat nazoratida qoldi.
2010 yil fevralida “Mushtarak” operatsiya natijasida toliblar Hilmand viloyatidagi jangarilar joylashib olgan rayondan chiqarib yuborildi. ISAF s’ay-harakatiga qaramay “Tolibon” mamlakatning katta qismida partizanlik urushini davom ettirdi. Jangarilar “kichik urush” va “minali urush” tamoyili bilan harakatlanardi.
Shu yil avgust oyi boshida Gollandiya o‘z harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. 2010 yilda NATO Afg‘onistonda arzigulik natijaga erishmadi. 2011-2012 yillar davomida ham “Tolibon” partizanlar urushini davom ettirdi. Urushda jangarilar ham, xalqaro koalitsiya ham ko‘plab qurbonlar berdi. Eng achinarlisi bu urushlarda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Odamlar yashovchi joylarda doimiy urush harakatlari olib borildi. Bir hudud ustidan goh u, goh bu tomonning nazorati o‘rnatilishi urushning tom ma’noda samarasiz va maqsadsiz qilib qo‘ydi. Afg‘onlar mamlakatdagi xalqaro koalitsiyaning ketishini istay boshladi.
2013 yil iyun oyi o‘rtalarida Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay afg‘on qurolli kuchlari mamlakatdan xavfsizlikni ta’minlashda asosiy rolni o‘ziga olishini ma’lum qildi.
2014 yilda AQSH va Afg‘oniston hukumati kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, Ag‘onistonda urush tugaganidan keyin ham amerika askarlari mamlakatda qolib, politsiyaga tartibni saqlashda yordam berishi belgilandi.
2015 yildan boshlab “Tolibon” mamlakat bo‘ylab faoliyatini jadallashtirdi. Kobul va unga yondosh hududlarda bombalar portlatildi. Buning ortidan NATO ham harbiy operatsiyalarni boshlab yubordi.
2015 yil yanvar oyi o‘rtalarida ISHID xalqaro terrorchilik guruhi Afg‘onistonda faoliyatini boshlaganini ma’lum qildi. 19 mart kuni Afg‘oniston hukumati ISHIDning mamlakatdagi vakilini yo‘q qilganini e’lon qildi.
2015-2019 yillar davomida “Tolibon” va uning ittifoqchilarining hujumkorligi ortib bordi. Jangarilar kichik hududlar emas, mamlakatdagi muhim markazlarga ham hujumlar uyushtiradigan bo‘ldi. Shunday hujumlardan biri Qunduz shahriga amalga oshirildi va shaharni toliblar egalladi. Ko‘p o‘tmay hukumat kuchlari uni qaytarib oldi..
O‘sha kezlari “Tolibon” mamlakatning 4 foizini to‘la nazorat qilgani holda, yana 70 foiz hududda erkin harakatlana olardi. 2016 yilga kelib, “Tolibon” nazoratidagi hudud 10 foizgacha oshdi. 2015-2019 yillarda urushning o‘ziga xosligi “Tolibon”ning harbiy harakatlari mamlakat bo‘ylab minglab oddiy odamlar va askarlarning o‘limiga sabab bo‘lgan ko‘p sonli teraktlar bilan parallel olib borildi. Teraktlar ortidan “Tolibon” yangi-yangi hududlarni egallab olaverdi. Pentagon ma’lumotida 2018 yil 1 avgustiga kelib Afg‘onistonning 56,3 foizi yoki 407 ta tumandan 229 tasi hukumat nazoratida, 14,5 foizi yoki 59 ta tuman “Tolibon” qo‘l ostida bo‘lgan. Qolgan 29,2 foiz hudud bahsli bo‘lib, u yerlar uchun janglar davom etgan.
Afg‘oniston muammosi bu davrga kelib, xalqaro miqyosda kun tartibiga chiqarildi. Afg‘on urushini tugatib, tomonlarni yarashtirish va mamlakatda barqarorlik o‘rnatish uchun ko‘plab besamar xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Besamarligi shundaki, “Tolibon” bu konferensiyalarda ishtirok etmasdi va o‘sha anjumandagi kelishuvlarga amal ham qilmasdi. Bordi-yu “Tolibon” shunday anjumanlardan birida ishtirok etishga rozi bo‘lsa, Afg‘oniston hukumati unga rasmiy vakil yubormasdi. Shu tariqa, urushuvchi tomonlarni muzokaralar stoliga o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi.
AQSHning afg‘on urushini tugatish uchun “Tolibon” bilan olib borgan muzokaralarida 2019 yil 27 yanvarda ijobiy natijaga erishildi. Buni har ikki tomon ham tasdiqladi. O‘sha yil 12 martda “Tolibon” AQSH bilan amerika askarlarining chiqarilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
1 iyunda “Tolibon” yetakchisi Mulavi Haybatulloh Oxunzoda AQSHni Afg‘onistonni okkupatsiya qilishni to‘xtatib, tinchlik muzokaralari boshlashga chaqirdi.
Bu voqealarning barchasi Afg‘onistondagi urushuvchi tomonlarning jangdan, quroldan bezganini ko‘rsatardi. 40 yil davom etgan urushda g‘olib yo‘q edi, mag‘lub ham. Qaysidir kuch o‘zini g‘olib deb e’lon qilishi bilan unga qarshi qurolli muxolifat o‘rtaga chiqaverardi. Afg‘on urushini katta teatr sahnasiga o‘xshatish mumkin: sahnada spektakl aktyorlar istaganida emas, rejissyor istaganida tugaydi. Afg‘on urushida ham aktyorlar – urushuvchi tomonlar o‘z rollarini bajarishdan charchagan bo‘lsa-da sahna ortidagi “rejissyor” ularga ruxsat bermayotgandek, spektaklning o‘zanini burib, uning davomiy bo‘lishini ta’minlab turgandek, tuyuladi.
Joriy yilning 2020 yil 29 fevral kuni AQSH va “Tolibon” o‘rtasidagi bitim Afg‘onistonga tinchlik shamolini eltsa ne ajab. Ammo bu bitim shartlari bajarilganidan keyin toliblar va Afg‘oniston hukumatini murosaga keltirish kerak bo‘ladi. Bu yo‘lda “Tolibon”ni qurollarni topshirishi va qonuniy siyosiy tashkilotga aylanishi muhim ahamiyatga ega.
Bir narsani unutmaslik kerakki Afg‘onistonda bugungi kunda 20 ga yaqin (Haqqoni guruhi, Al-Qoida, ISHID, Lashkari Toiba, Lashkari Jhangvi, Jaishi Muhammad, Mujohidlar birlashgan kengashi, Maulvi Nazir guruhi, Tahriki Toliboni Pokiston, Amri ba Maruf va Mo‘min guruhi, O‘zbekiston islom harakati, Turkiston islom harakati, Islom jihodi ittifoqi, Hizbi islmo va boshq.) terrorchilik guruhi faoliyat olib boradi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, ba’zi terrorchilik tashkilotlarining qarorgohlari qo‘shni Pokiston hududida joylashgan.
“TOLIBON” AQSH ARMIYASIGA QANDAY BARDOSH BERDI?
“Tolibon”dek bir mahalliy radikal harakat qanday qilib dunyoning birinchi raqamli armiyasiga ega AQSHga 19 yildirki qarshilik ko‘rsatib kelyapti? Bu davr mobaynida harakatni kim ta’minlab turdi? Bundanda qizig‘i, AQSH qanday qilib, o‘sha davlatni bilmadi yoki bildi-yu ko‘z yumdimi?
Amerika razvedkasi Pokistonni “Tolibon”ga yordam berishda aybladi. BBC bilan suhbatlashgan bir nechta dala qo‘mondonlari Pokiston toliblarga yashirinish uchun joy va qurol yetkazib berishini aytgan. Bundan tashqari, “Tolibon”ning bu qadar chidamli bo‘lishida qaysidir ma’noda Qatarning ham roli bor. Mittigina Qatar “Tolibon”ning siyosiy boshqaruvchilariga boshpana va erkin harakatlanish imkonini bergan.
2011 yilda “Tolibon”ning daromadi 400 mln dollarga baholangan. Ammo o‘tgan yillar davomida bu ko‘rsatkich 1,5 mlrd dollargacha ko‘paygani taxmin qilinadi. Bu pullar qayerdan keladi?
“Tolibon” daromadining asosiy qismi giyohvand moddalar savdosidan kelishi aniqlangan.
Qizig‘i shundaki, Afg‘onistonga NATO kuchlari kirganidan keyin afyun yetishtirish sezilarli oshgan. Ba’zi rossiyalik mutaxassislar fikricha, Bush (Afg‘on urushi boshlangan vaqtdagi AQSH Prezidenti Jorj Bush) ma’muriyati geroin yetishtirishga “parda ortidan” qarab kelgan. Narkobiznesga qarshi faol urush boshlanmagani qurbonlar soni keskin ortib ketishi mumkinligi bilan izohlanadi. Shveysariyalik jurnalist Labever amerikaliklar Afg‘onistonda narkobiznesdan katta foyda olishi haqida taxminlarini bildirgan.
Afg‘onistonda yetishtirilgan giyohvand moddalar Shimoliy va Janubiy yo‘llar orqali Yevropaga yuborilgan. Shimoliy yo‘l Markaziy Osiyo davlatlari (asosan Tojikiston va Qirg‘iziston) orqali Rossiyaga u yerdan Yevropaga kiritiladi. Janubiy yo‘l – Pokiston va Eron orqali tovar dengizga chiqariladi, u yerdan Afrikaga olib boriladi. Geroin Afrikadan ikki yo‘l bilan Yevropaga kiritiladi. Birinchisi, O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab Sharqiy Yevropaga, ikkinchisi, JAR orqali G‘arbiy Yevropa portlariga olib boriladi.
Afg‘onistonda ko‘knori maydonlari ham yildan yilga ortib bordi. 2015 yilda 183 ming, 2016 yilda 201 ming, 2017 yilda 328 ming gektar maydonda ko‘knori yetishtirilgan. 2018 yilda qurg‘oqchilik sabab bu maydonlar qisqargan va 283 gektarni tashkil qilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2001 yilda “Tolibon” taqiqi natijasida afyun yetishtirish 185 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, 2002 yilda 2700 tonna, 2003 yilda 3400 tonna, 2004 yilda 4200 tonna. 2005 yilda 4100 tonna, 2007 yilda 8200 tonna, 2008 yilda 7700 tonna, 2009 yilda 6900 tonna, 2010 yilda 3600 tonna, 2011 yilda 5800 tonna, 2012-2014 yillarda o‘rtacha 4750 tonna, 2015 yilda 3300 tonna, 2016 yilda 4800 tonna, 2017 yilda 9000 tonnadan ortiq afyun tayyorlangan. Yetishtirilgan narkotik moddalarning asosiy bozori Yevropa.
Ko‘rinib turibdiki, Yevropa davlatlari bir qo‘li bilan “Tolibon”ni urib, ikkinchi qo‘li bilan uning cho‘ntagiga pul solgan. Keyin esa urush qachon tugar ekan deb, katta-katta xalqaro konferensiyalar ham o‘tkazishgan. Bu yerda ham yuqorida aytganimiz “rejissyor” o‘z ishini qilgandek.
URUSHDAGI YO‘QOTISHLAR
Afg‘onistonda 2014 yilgacha xalqaro koalitsiyaning 3485 nafar askari halok bo‘lgan. AQSH va Buyuk Britaniya Eng ko‘p yo‘qotishga uchragan. Afg‘onistonning yo‘qotishlari bundan bir necha baravar ortiq. 2014 yilgacha 45 mingdan ortiq hukumat askari harbiy to‘qnashuvlarda vafot etgan. “Tolibon”ning yo‘qotishlari haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Taxminarga ko‘ra, 2014 yilgacha 40 ming atrofida toliblar to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan. Urush 40 ming atrofida tinch aholi vakilining yostig‘ini quritgan. 2009-2019 yillar davomida har yili o‘rtacha 3 ming odam o‘ldirilgan.
Umid qilamizki, bu besamar, bemaqsad va qonli urush tez orada yakun topib, afg‘on xalqi ham uzoq kutilgan tinchlikka erishadi.