Adliya vazirligi SSVni ogohlantirdi
Jamiyat
−
14 Oktabr
6957Sog‘liqni saqlash vazirligi bir qator dori vositalarini intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatiga olgani aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023 yilda 21 ta holatda, 2024 yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatiga olingani aniqlangan.
Jumladan, iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lgan “Magne B6”, “Imudon”, “Smekta”, “Duspatalin”, “Elevit” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “Mer duspatanim”, “Elemalvit” ko‘rinishida turli farmatsevtika korxonalari nomiga intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirilgan.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga asosan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda qalbakilashtirilgan va O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida Rossiyada ishlab chiqarilgan sodaning qadog‘idan ko‘chirma qilgan korxonaga nisbatan ta’sir chorasi ko‘rilgan edi.