Xatirchi hokimi Isroildan kelgan yahudiylarga dasturxon yozdi (video)
Jamiyat
−
03 iyul 70943 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi Umidjon Adizovning xorijda istiqomat qiluvchi Buxoro yahudiylarini kutib olib, ularga dasturxon yozgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Hokimlik tomonidan berilgan munosabatda Xatirchi tumaniga tashrif buyurgan xorijlik yahudiylar qachonlardir o‘zlari, ota-bobolari yashab o‘tgan diyorning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish, ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilish, O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida kelgani qayd etilgan.
“Tuman hokimining ushbu mehmonlarni kutib olgani xalqimizga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglikning yaqqol ifodasidir”, deyilgan hokimlik munosabatida.
Tarmoqlarda sizdirilgan videoda hokim Adizov ular uchun eshiklar doimo ochiq ekani, ular hammavaqt qadrlanishini qayta-qayta ta’kidlagan. Tuman rahbari turizm, iqtisodiyot singari sohalarda faoliyat yuritish uchun ularga keng imkoniyatlar berilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va Isroil o‘rtasidagi urush tobora avj olib borayotgani bois O‘zbekistondagi isroilliklar ham ogohlantirilgandi. Xususan, ulardan jamoat joylarida yahudiy yoki Isroil ramzlarini ko‘rsatmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda qayerda yashayotgani yoki qayerga sayohat qilmoqchiligi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirmaslik, Isroil yoki yahudiylik bilan bog‘liq ommaviy tadbirlardan qochish, mahalliy xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilish va xavf tug‘ilganda darhol ularning ko‘rsatmalariga amal qilish, jamoat joylarida hushyor bo‘lish so‘ralgandi.
Live
Barchasi