Xarbinda nima gaplar?
Sport
−
10 fevral
3890Ayni kunlarda Xitoyning Xarbin shahrida IX qishki Osiyo o‘yinlari bahslari o‘tkazilmoqda. Hozirgacha ko‘plab o‘zbekistonlik sportchilar musobaqalarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Short-trek bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Daniil Yeybog O‘zbekiston delegatsiyasining Xarbin-2025 qishki Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini boshlab berdi. 1500 metr masofaga kechgan poyganing chorak finalida qatnashgan Yeybog 2:30:60 daqiqalik natija bilan yarim finalga yo‘l oldi. 500 metr masofada kechgan saralash dasturida esa Yeybog 41.143 soniya, 1000 metr masofada esa 1:29:268 daqiqa bilan har ikki yo‘nalishda chorak finalga yo‘l oldi. Yeybog ikkala yo‘nalishda ham o‘z guruhida ikkinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Daniil Yeybog qishki Osiyo o‘yinlarining 500 metr masofaga kechgan bahslarida yettinchi natijani qayd etdi. Shuningdek, u 1500 metr masofada ham ishtirok etdi. Biroq uning yarim finaldagi natijasi medallar uchun kurashishga yetarli bo‘lmadi. 1000 metr masofaga kechgan bahsda Daniil 1:27:705 daqiqa bilan o‘z guruhida to‘rtinchi bo‘ldi. Biroq bu yarim final yo‘llanmasi uchun kamlik qildi. Shu bilan O‘zbekiston vakilining qishki Osiyo o‘yinlardagi ishtiroki yakunlandi.
Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham qishki Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi. Biroq slalom yo‘nalishida kechgan ayollar o‘rtasidagi bahslar o‘zbekistonlik sportchilar uchun ko‘ngildagidek nihoyasiga yetmadi. Yakunda Sabina Rejepova 15, Valeriya Kovalyova 17, Mariya Morova 23-natijani qayd etishdi. Kseniya Grigoreva 2-chiqishida trassada xatoga yo‘l qo‘ygani uchun diskvalifikatsiya qilindi.
Erkaklar o‘rtasida kechgan slalom dasturida Arman Gayupov 6, Nikita Gorkovskiy 14-natijani qayd etdi. Medet Nazarov esa bahs davomida belgilangan yo‘nalishdan chiqib, ishtirokini tugata olmadi.
Konkida yugurish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Danila Semerikov 5000 metr masofaga kechgan bahsda startga chiqdi. U 6:39.71 daqiqa qayd etib, musobaqani oltinchi pog‘onada yakunladi.
Qishki Osiyo o‘yinlari doirasida chang‘i alpinizmi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar ham startga chiqdi, ammo bahslarda O‘zbekiston vakillaridan omad yuz o‘girdi va ular shohsupaga ko‘tarila olmadi.
LiveBarchasi