Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik sportchilarning bugungi natijalari qanday?
Sport
−
07 Oktabr 2023
6435Bugun, 7 oktyabr – Xanchjouda bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining 14-kunida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilar mamlakat delegatsiyasi hisobiga 2 ta oltin va 5 ta bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
Oltin medal:
• Musobaqaning karate WKF yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sevinch Rahimova oltin medali sohibasiga aylandi. U o‘yinlarning final jangida Xitoy Taipeyi vakili Sui-Ping Kuni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi va chempionga aylandi.
• Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Tahmina Ikromova mamlakat delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shdi. Yakkalikning ko‘pkurash dasturida ishtirok etgan Ikromova 131,3 ball bilan eng yaxshi natijani qayd etgan holda Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritdi.
Bronza medal:
• Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Bekzod Abdurahmonov Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari bronza medaliga ega chiqdi. -74 kg vazn toifasida bahs olib borgan Abdurahmonov bronza medali uchun kechgan kurashda turkmanistonlik Perman Xommadovdan mag‘lub etib, musobaqa shohsupasiga ko‘tarildi.
• Erkin kurashchi, Parij-2024 Olimpiadasi litsenziati – Javrail Shapiyev (-86 kg) o‘z shaxsiy sovrinlari kolleksiyasiga Osiyo o‘yinlari medalini ham qo‘shib qo‘ydi. U bronza medali uchun kechgan bellashuvda bahraynlik Magomed Sharipovni yengdi.
• Osiyo o‘yinlarining shaxmat dasturi bo‘yicha hal qiluvchi bahslarda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev Jahongir va Shamsiddin Vohidovlardan iborat O‘zbekiston termasi hal qiluvchi 9-turda Tailand vakillariga qarshi bahs olib bordi va 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alabadan so‘ng jamoa o‘z hisobidagi ochkolar sonini 14 taga yetkazib oldi va bronza medalini naqd qildi.
• Musobaqaning yarim final uchrashuvida Koreya Respublikasi vakillariga 2:1 ko‘rinishida imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining 3-o‘rin, bronza medali uchun Gonkong U-23 jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Unda Temur Kapadze shogirdlari raqib raqib darvozasiga javobsiz 4 ta to‘p kiritgan holda o‘yinlarning bronza medaliga ega chiqdi.
• Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Rustam Jangabayev ham sovrindorlar qatoridan joy oldi. +109 kg vazn toifasida bahs olib borgan o‘zbekistonlik polvon dast ko‘tarishda 190 kg, siltab ko‘tarishda 233 kg, ikki kurashda esa 423 kg bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Oltin va kumush medallari Bahrayn hamda Eron vakillariga nasib etdi.
Ma’lumot uchun, hozirda delegatsiya hisobida jami 71 ta medal (22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza) bor. O‘zbekiston bu orqali medallar jamg‘arish bo‘yicha umumiy reytingning 5-pog‘onasini egallab turibdi.
LiveBarchasi