Xalq puli davlat byudjetiga o‘tdimi, u davlatning puliga aylanadi – Salohiddin Nuriyev (video)
Jamiyat
−
02 iyun
15590Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyevning davlat xizmatchilarining faoliyati muhokama qilinishiga qarshi ekanini bildirib, matbuot anjumanida aytgan fikrlari tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
"Xalq puli, xalq mulki degan narsa yo‘q. Pul davlat byudjetiga o‘tdimi, davlat mulkiga aylanadi”, degan Nuriyev matbuot anjumanida.
Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, hozirda mazkur holat vazirlik tomonidan o‘rganilmoqda, o‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga baho beriladi.
"Shu bilan birgalikda, davlat organlari o‘z faoliyatida xalq oldida hisobdor ekanligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilganligi, Adliya vazirligi faoliyati shu jumladan, jamoatchilik oldida qat’iy hisobdorlik prinsipi asosida tashkil etilganligi ma’lum qilinadi.
Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar", deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik barcha fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari belgilangan tartibda, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin ekanini urg‘ulagan. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Ma’lumot uchun, Salohiddin Nuriyev 1981 yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2001 yil Toshkent davlat yuridik institutini, 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan, huquqshunos.
U o‘z mehnat faoliyatini 2001 yilda Adliya vazirligining Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan va hozirgacha adliya organlarida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2014-2018 yillarda Namangan viloyatida, 2018-2019 yillarda Qashqadaryo viloyatida, 2019-2024 yillarda Samarqand viloyatida, 2024 yilning fevral oyidan yana Qashqadaryo viloyatida Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.
LiveBarchasi