Xalqaro gimnastika federatsiyasi nomini o‘zgartirdi
Sport
−
10 dekabr 648 2 daqiqa
Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) o‘z nomini rasmiy ravishda o‘zgartirdi. Endilikda federatsiya Jahon gimnastikasi nomi ostida faoliyat yuritishini e’lon qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Kutilgan rebrending doirasida tashkilot yangi logotip, vizual identifikatsiya va zamonaviy brend konsepsiyasini taqdim etdi. Mazkur o‘zgarish “gimnastikaning ommaviy ishtirokidan tortib, elita darajadagi xalqaro musobaqalargacha bo‘lgan barcha faoliyatni to‘liq aks ettirish” maqsadini ko‘zlagan.
“Jahon gimnastikasi bizning vazifamizni aniq va maqsadli ifodalaydi. Bu nom sportchilar, murabbiylar, muxlislar va hamkorlar uchun global markaz sifatidagi rolni mustahkamlaydi. Bu o‘zgarish oddiy rebrendingdan ancha kengroq jarayon”, deydi tashkilot prezidenti Morinari Vatanabe.
O‘zgarishlar jarayonida sportchilar, milliy federatsiyalar, muxlislar va global hamkorlar bilan keng maslahatlashuvlar olib borilgan. Rebrendingning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- Sportchi manfaatlari va xavfsizligini ustuvor qilish;
- muxlislar ishtirokini kuchaytirish va tadbirlarning jozibadorligini oshirish;
- global qamrovni kengaytirish;
- barcha yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanish yo‘llarini aniq belgilash.
Ma’lumot uchun, Xalqaro gimnastika federatsiyasi xalqaro sport tashkilotlari ichida dunyodagi eng qadimiy sport tashkiloti hisoblanadi. Federatsiya 1881 yilda tuzilgan bo‘lib, dastlab Yevropa gimnastika federatsiyasi nomi bilan atalgan. Bunga sabab tashkilotda ilk yillarda faqat uchta davlat: Belgiya, Fransiya va Niderlandiya a’zo bo‘lgan. 1921 yilda Yevropadan tashqari davlatlar qo‘shila boshlagach, federatsiya Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) nomini olgan. Shu tariqa, 104 yildan so‘ng FIG yangi davrga qadam qo‘ymoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) o‘zining yillik umumiy yig‘ilishida tashkilot 2026 yildan boshlab “World Tennis” nomi ostida faoliyat yuritishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi