Xalqaro tennis federatsiyasi nomini o‘zgartirmoqda

Sport

image

Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) o‘zining yillik umumiy yig‘ilishida muhim qaror qabul qildi. Tashkilot 2026 yildan boshlab “World Tennis” nomi ostida faoliyat yuritadi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bu qaror ITF Kengashi va Ijroiya kengashi tomonidan tavsiya etilgan hamda delegatlar tomonidan ko‘pchilikning ovozi bilan ma’qullangan. Nomning o‘zgarishi federatsiyaning global boshqaruv organi sifatidagi rolini yanada aniqroq ifodalash, shuningdek, tennisning dunyo bo‘ylab rivojlanishi va o‘sishiga qo‘shayotgan hissasini aks ettirish maqsadida amalga oshirilgan. Yangi “World Tennis” nomi sport mutasaddilari, a’zolari va manfaatdor tomonlar bilan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar natijasida tanlangan.

O‘zgarish ITF brendining bosqichma-bosqich evolyutsiyasining bir qismi bo‘lib, avvalroq joriy etilgan Tennis World Tour va World Tennis Number sub-brendlari bilan uzviy bog‘liq. Federatsiya yangi nom orqali o‘yinchilar, muxlislar va hamkorlar uchun yanada taniluvchan va zamonaviy global brend yaratmoqchi.

“ITF sifatida 110 yillik faxrli tarixga egamiz, endilikda esa “World Tennis” nomi ostida butun dunyo bo‘ylab sportni rivojlantirishni davom ettirishdan mamnunmiz. Bu evolyutsiya bizning global boshqaruv organi sifatidagi rolimizni kuchaytiradi va tennisni yanada birlashtiradi”, deydi ITF prezidenti Devid Xaggerti.

Ma’lumot uchun, 1913 yilda Parijda Xalqaro maysa tennis federatsiyasi sifatida tashkil etilgan bu tashkilot 1977 yilda Xalqaro tennis federatsiyasi nomini olgan edi. Yangi “World Tennis” brendi esa 2026 yil 1 yanvardan rasman kuchga kiradi va yoz oylarida to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

ITF “World Tennis” Devid Xaggerti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing